O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Navbatdagi matbuot anjumanida huquqbuzarliklar profilaktikasi sohasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar muhokama qilindi
2019-11-15 | Jamiyat
Joriy yilning 14 noyabr kuni ichki ishlar organlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash, shuningdek, OAV vakillari va aholi o’rtasida keng muhokamaga sabab bo’layotgan holatlarga munosabat bildirish maqsadida, IIV Axborot xizmati tomonidan O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “IIOning huquqbuzarliklar profilaktikasi sohasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar” mavzusida matbuot anjumani tashkil etildi.
Matbuot anjumanida Ichki ishlar vaziri matbuot kotibi polkovnik Shoxrux Giyasov, Vazirlik Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi rahbariyati va mas’ul xodimlari, shuningdek, OAV vakillari hamda bir qator blogerlar ishtirok etdi.
Tadbirni Ichki ishlar vaziri matbuot kotibi Sh.Giyasov ochib berdi. Shundan so’ng, Vazirlik Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi boshlig’ining birinchi o’rinbosari, podpolkovnik Davron Azizov so’zga chiqib, huquqbuzarliklar profilaktikasi bo’linmalari tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar va ularning natijalari haqida quyidagilarni aytib o’tdi:
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 10 apreldagi 5005 - son Farmoni asosida, joylardagi profilaktika inspektorlarining soni 5 867 nafardan 7 291 nafarga etkazildi. (1 424 nafar qo’shimcha shtat birligi ajratildi). Xizmat samaradorligini oshirish maqsadida, mavjud 3 819 ta tayanch punktlari qayta isloh qilinib, ularning soni 4 849 taga etkazildi. Ayniqsa, tayanch punktlarining mahalla fuqarolar yig’ini bilan bir binoda tashkil etilishi asosida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarga qarshi kurash bo’yicha mahalla bilan hamkorlik yanada mustahkamlandi. Shuningdek, respublikada profilaktika inspektorlarining jamoat tartibini saqlash bo’yicha yordamchilari uchun 9 009 ta shtat birligi ajratildi va hozirgi kunda ularning 8 865 nafari to’liq jamlanib, foaliyati yo’lga qo’yildi.
Bundan tashqari, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini to’laqonli ta’minlash, onalik va bolalikni har tomonlama qo’llab-quvvatlash borasidagi ishlar samaradorligini oshirish maqsadida respublika, viloyat va tuman (shahar) IIOlari tizimida xotin-qizlar bilan ishlash masalalari bo’yicha 360 ta inspektor shtati joriy etildi.
Hamkorlikdagi tadbirlar natijasida, joriy yilning o’tgan davri mobaynida respublikada 5 624 nafar xotin-qizlarning ishga joylashishiga ko’maklashildi, 4 807 nafariga moddiy va ijtimoiy yordam ko’rsatildi, 1 500 nafari davolashga muhtojligi aniqlanib tibbiy dispanserlarga yuborildi, 1 688 nafariga shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarini qayta tiklashda amaliy yordam ko’rsatildi, 2 944 nafariga tadbirkorlik faoliyatini yo’lga qo’yishda ko’maklashildi, 1 106 nafari ta’lim muasssalariga qaytarildi, 271 nafari “Zo’rlik ishlatishdan jabr ko’rgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hamda o’z joniga qasd qilishning oldini olish markazlari”ga yuborilishi ta’minlandi. Natijada, xotin-qizlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar 32,8 foizga - 4 861 tadan 3 267 taga kamayishiga erishildi.
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, profilaktika inspektorlari tomonidan aholi muammolarni tizimli o’rganish, ularni bartaraf etish maqsadida 10,4 mln.dan ortiq xonadonlar o’rganib chiqildi. Uyma-uy yurib o’rganishlar natijasida, 25 mingdan ortiq oilaning notinchligiga barham berildi, 10 mingdan ortiq yosh oilalarning ajrashib ketishi oldi olindi. Jamoatchilik vakillari bilan yaqin hamkorlik va muloqot o’rnatilganligi natijasida, joriy yilning 10 oyi yakuni bo’yicha 4 088 ta mahallalarda bironta ham jinoyat sodir etilishiga yo’l qo’yilmadi.
Tadbir davomida bloger va OAV vakillarinining savollarga Ichki ishlar vazirligi Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi rahbariyati va mas’ul xodimlari tomonidan batafsil javoblar berildi.
Quyida anjumanda berilgan savol-javoblarni e’tiboringiza havola etamiz.
“O’zbekiston -24” telekanali vakili
Savol: Huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida aytib o’tsangiz?
Javob: O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 10 apreldagi 5005 - son Farmoni asosida joylardagi profilaktika inspektorlarining soni 5 867 nafardan 7 291 nafarga etkazildi.
- Prezidentimizning 2018 yil 24 dekabrdagi PQ-4075-son Qarori asosida profilaktika inspektorlarining jamoat tartibini saqlash bo’yicha yordamchilari uchun 9 009 ta lavozimlar joriy etilib faoliyati yo’lga qo’yildi;
- respublikaning barcha mahallalarida 9566 ta “Fidokor yoshlar” jamoatchilik patrul guruhlari tashkil etilib, mazkur guruhlarga jami 30190 nafar yoshlar jamoat xavfsizligini ta’minlashga jalb etildi;
- huquqbuzarliklarning barvaqvt oldini olish borasidagi ishlarni tizimli tashkil etish maqsadida, 9116 ta mahallalarning 7848 tasida “Jamoatchilik nazorati maskanlari” faoliyati yo’lga qo’yildi;
- Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 14 iyundagi “Buxoro viloyatini xotin-qizlar bilan ishlash yo’nalishida namunali hududga aylantirish chora-tadbirlari dasturini tasdiqdlash to’g’risida”gi 495-son Qarori asosida, respublika bo’yicha jami 360 nafar xotin-qizlar bilan ishlash inspektori xodimalari shtat birliklari joriy etildi;
Hozirgi kunda huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyati samaradorligini oshirish borasida mutasaddi idora va vazirliklar bilan hamkorlikda tegishli ishlar amalga oshirilishida davom etilmoqda.
O’zbekiston Milliy Axbrot agentligi
Savol: Prezidentimizning tegishli Qarori asosida haftaning har payshanba kuni “Huquqbuzarliklar profilaktikasi kuni” deb e’lon qilinib, tegishli tadbirlar o’tkazilayotgan edi. Negadir ushbu tadbirlar hozirda o’tkazilmay qo’ydi, buning sababi nimada?
Javob: O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 14 martdagi PQ-2833-sonli qaroriga asosan, “Huquqbuzarliklar profilaktika kuni” bo’yicha xaftaning har payshanba kuni respublika bo’yicha tegishli tadbirlar o’tkazilib borilishida davom etilmoqda.
Mazkur tadbirlarni ommaviy axborot vositalarida yoritish ishlari biroz sustlashganligi sababli, ko’zga ko’rinmayotgan bo’lishi mumkin. Xususan, joriy ilning o’tgan 10 oyi mobaynida xaftaning har payshanba kunlari jami 42 marotaba “Huquqbuzarliklar profilaktika kuni” tadbirlari o’tkazilgan. Mazkur tadbirdar davomida davlat organlari va boshqa jamoat tashkilotlaridan 43784 nafar vakillar jalb etilib, 452131 marotaba profilaktik suhbatlar o’tkazilgan. Shuningdek,
36872 marotaba davomat tadbirlari o’tkazilib, 3794 nafar o’quvchilar ta’limga qaytarilgan. Ushbu masalada kelgusida “Profilaktika kuni” tadbirlarini respublika ommaviy axborot vositalari orqali keng yoritish ishlarini jadallashtirishimizni ma’lum qilamiz.
Savol: Joylarda profilaktika inspektorlari uchun innovatsion texnologiyalardan xizmat faoliyatida foydalanish borasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
Javob: Bugungi kunda innovatsion texnologiyalarsiz hayotimizni tasavvur qilib bo’lmaydi albatta. Shu sababli, profilaktika inspektorlarining xizmat faoliyatlariga ham innovatsion texnologiyalarni keng joriy etish maqsad qilingan. Bu borada, ularga xizmatda foydalanish uchun zaruriy dasturiy ta’minotlar o’rnatilgan “Planshet” moslamalari tarqatilishi rejalashtirilgan.
Mazkur planshet moslamalari orqali profilaktika inspektori o’z hududida xizmat olib borayotgan vaqtida, shaxsini aniqlash uchun to’htatgan fuqaroni fotosuratga hamda uning barmoq izini olgan holda, tezkorlik bilan uning shaxsiga aniqlik kiritishi, shuningdek, huquqbuzarga nisbatan tuzilayotgan ma’muriy bayonnomani huquqbuzarlik sodir etilgan joyning o’zida elektron shaklda rasmiylashtirishi, huquqbuzarga nisbatan tegishli ta’sir choralarini ko’rishi, fuqarolarni ortiqcha ovoragarchiliklarsiz ya’ni, tayanch punktiga olib bormay turib, qonuniy choralar ko’rishi mumkin bo’ladi.
Savol: Profilaktika inspektorlariga planshet moslamalari qachondan boshlab tarqatiladi?
Javob: 2020 yilning yanvar oyidan boshlab, Ichki ishlar organlarining tayanch punktlari profilaktika inspektorlariga bosqichma-bosqich ravishda xizmatda foydalanishlari uchun individual tarzda planshetlar tarqatilishi belgilangan. Birinchi bosqichda jami 1500 nafar profilaktika inspektorlari planshet moslamasi bilan ta’minlanishlari rejalashtirilgan. Kelgusida esa, Respublikamizning barcha profilaktika inspektorlari zamonaviy planshetlar bilan to’liq ta’minlanadi.
Savol: Profilaktika inspektorlariga fuqarolar to’g’risidagi ma’lumotlarni uyali aloqa kompaniyalari orqali bilib olish imkoniyati yaratilganmi, agar imkoniyat yaratilgan bo’lsa, ushbu ma’lumotlar g’arazli niyatlarda uchinchi tomonga tarqalib ketishi mumkinku?
Javob: Fuqarolarning telefon raqamlari orqali ular to’g’risidagi ma’lumotlarni uyali telefon kompaniyalaridan olish faqat ish yurituvida jinoyat ishi bo’lgan tergovchi hamda tezkor vakillar vakolatiga berilgan bo’lib, ular rasmiy so’rov xati asosida xizmat zaruriyati tufayli fuqarolar to’g’risidagi ma’lumotlarni olishlari mumkin.
Profilaktika inspektorlarining ish yurituvida jinoyat ishi bo’lmasligi hamda ular faqat ma’muriy huquqbuzarliklar yuzasidan to’plangan hujjatlar bilan ishlashligi tufayli, ular bunday vakolatga ega emaslar.
Ishonch gazetasi vakili
Savol: Profilaktika inspektori o’ziga biriktirilgan xizmat xonasida bo’lmasa va uning hududida oilaviy mojaro yuz bersa, og’ir oqibat kelib chiqishini oldini olish uchun qanday harakatlar amalga oshiriladi?
Javob: Profilaktika inspektori xizmat xonasida bo’lmaganida uning jamoat tartibini saqlash bo’yicha yordamchisi xizmat xonada o’tiradi. Mazkur holatda profilaktika inspektorini huquqbuzarlik sodir etilgan joyga uning yordamchisi orqali ham chaqirish mumkin. Agarda profilaktika inspektorining yordamchisi ham bo’lmasa, har bir tayanch punktining kirish qismiga o’rnatilgan peshlavhada profilaktika inspektorining hamda tuman ichki ishlar bo’linma navbatchilik qismining telefon raqamlari yozilgan bo’ladi. Bundan tashqari lavozimga kirishgan har bir profilaktika inspektori hudud aholisiga uyali va xizmat xonasi telefon raqamlari aks ettirilgan tashrif qog’ozini tarqatadi.
Ushbu o’rinda har bir fuqaro mazkur raqamlarga qo’ng’iroq qilib, profilaktika inspektori va uning yordamchisini qaerdaligini hamda voqea sodir bo’lgan joyga aniq etib kelish vaqtini bilishlari mumkin.
Matbuot anjumani yakunida IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi boshlig’i, polkovnik Sh.Giyasov tomonidan tadbir ishtirokchilariga faollik uchun minnatdorchilik bildirildi.