O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston-Fransiya vazirliklararo siyosiy maslahatlashuvlari to‘g‘risida
2019-11-15 | Siyosat
2019-yilning 13-noyabr kuni Parij shahrida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Dilshod Axaxtovning Fransiya Yevropa va tashqi ishlar vazirligi Bosh kotibi Fransua Delatr bilan uchrashuvi hamda O‘zbekiston-Fransiya siyosiy maslahatlashuvlarining 11-raundi bo‘lib o‘tdi.
Siyosiy maslahatlashuvlarda Fransiya Respublikasi delegatsiyasiga TIVning Kontinental Yevropa departamenti direktori Frederik Mondoloni boshchilik qildi.
Muzokaralar chog‘ida O‘zbekiston va Fransiya bir-birida muhim va uzoq muddatli sheriklarni ko‘rishi qayd etildi va tomonlarning ko‘p qirrali, o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishga tayyorligi ta’kidlandi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning o‘tgan yil oktabr oyida Fransiyaga rasmiy tashrifi va Prezident Emmanuel Makron bilan muzokaralari doirasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishning borishi hamda turli jabhalarda hamkorlikni yanada rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlari batafsil ko‘rib chiqildi.
Siyosiy muloqotni va parlamentlararo aloqalarni chuqurlashtirish, savdo-iqtisodiy va investitsion hamkorlik, madaniy-gumanitar almashinuvlar unumdorligini oshirish, shartnomaviy-huquqiy bazani mustahkamlash imkoniyatlari muhokama qilindi.
Hamkorlikning, jumladan iqtisodiy sohadagi munosabatlarning birgalikdagi mexanizmlari faoliyatining hamda O‘zbekiston va Fransiya ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirishga yo‘naltirilgan tadbirlarni o‘tkazishning muntazamlik kasb etishiga erishish muhimligi e’tirof etildi.
Tomonlarda zamonaviy texnologiyalar, aeronavtika, turizm va oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni faollashtirish borasida o‘zaro qiziqish mavjudligi bildirildi.
Uchrashuvda tomonlar manfaatiga aloqador xalqaro va mintaqaviy masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.
Muzokaralar so‘ngida siyosiy maslahatlashuvlarning navbatdagi raundini 2020-yilda Toshkentda o‘tkazishga kelishib olindi.