O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston TIV rahbari afg‘on ayollarini qo‘llab-quvvatlash dasturining ochilish marosimida ishtirok etdi
2019-11-14 | Siyosat
2019-yilning 11-noyabr kuni Brussel shahrida bo‘lib turgan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov “Afg‘on ayollarining iqtisodiy huquqlari va imkoniyatlarini Qozog‘iston va O‘zbekistonda o‘qish va tayyorlash orqali qo‘llab-quvvatlash” dasturining ochilish marosimida ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi tashqi siyosat idorasi rahbari yig‘ilganlarga murojaatida ta’kidlaganidek, Yevropa Ittifoqining afg‘on ayollarini qishloq xo‘jaligi, amaliy fanlar va tog‘-kon sanoatiga o‘qitish dasturi ularni mamlakatning ijtimoiy va siyosiy hayotiga jalb qilish uchun ajoyib imkoniyat yaratadi.
Shu munosabat bilan, O‘zbekiston TIV rahbari ushbu sohadagi qator Yevropa Ittifoqi loyihalari, jumladan Termiz shahridagi Ta’lim markazida afg‘on talabalarini, shu jumladan ayollarni o‘qitish bo‘yicha “YI-O‘zbekiston-Afg‘oniston” uch tomonlama shakldagi hamkorlik istiqbollarini qayd etdi. Bu esa Afg‘oniston uchun yuqori malakali mutaxassislar bazasini yaratish jarayoniga sezilarli hissa qo‘shadi.
Umumiy maqsadli harakatlar orqali afg‘on jamiyati oldida turgan barcha vazifalarni hal etishga imkon qadar hissa qo‘shish mumkinligiga ishonch bildirildi.