O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
“Ipak yo‘lida turizm” XXV Toshkent Xalqaro turizm yarmarkasiga start berildi
2019-11-13 | Turizm
Bugun, 13-noyabr kuni poytaxtdagi “O‘zekspomarkaz”da “Ipak yo‘lida turizm” XXV Toshkent Xalqaro turizm yarmarkasiga start berildi. Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi v.v.b. Abdulaziz Aqqulov, UNWTO'ning Yevropa mamlakatlari departamenti direktori Piter Yanich hamda Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jaev ochib berishdi.
Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi v.v.b. Abdulaziz Aqqulov O‘zbekistonda turizm iqtisodiyotning strategik tarmoqlaridan biri sifatida belgilanganidan buyon sohada amalga oshirilgan islohotlar haqida so‘zladi hamda ba'zi statistik ma'lumotlar bilan bo‘lishdi. “Joriy yilning 10 oyi yakuniga ko‘ra, O‘zbekiston bo‘yicha xorijiy sayyohlarga jami 1,1 mlrd dollar miqdorida turizm xizmatlari ko‘rsatilgan bo‘lsa, viloyatlar kesimida turizm salohiyati yuqori bo‘lgan hududlar bilan bir qatorda Andijon (54 mln. doll.), Namangan (41 mln. doll.) va Surxondaryo (38 mln. doll.) kabi viloyatlar ham turizm xizmatlari eksportidan sezilarli daromad ko‘rdi”, - dedi u.
Hududlarda aholini turizm sohasiga keng jalb qilishga yorqin misol sifatida oilaviy mehmon uylari keltirildi. Agar 2018 yilda 106 ta oilaviy mehmon uyi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa, joriy yilning 10 oyida 754 ta oilaviy mehmon uyi tashkil etildi hamda ularning soni 860 taga yetdi. Ushbu davr mobaynida mehmon uylari tomonidan jami 62,9 ming nafar mehmonga xizmat ko‘rsatilgan bo‘lsa, ulardan 44,5 ming nafari xorijiy fuqarolarni tashkil etgan. Asosiy qismi respublikaning olis hududlarida joylashgan mazkur mehmon uylari tomonidan jami 16 mlrd so‘mdan ortiq xizmatlar ko‘rsatilgan. Qo‘mita raisining ta'kidlashicha, turistlarga xizmat ko‘rsatuvchi tadbirkorlik sub'ektlari sonining ortishi bilan bir qatorda yaratilayotgan ishchi o‘rinlari soni ham mos ravishda ortib bormoqda.
“Bularning bari muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoevning tashabbuslari hamda mamlakatda turizm sohasida yo‘lga qo‘yilgan islohotlar va davomli siyosat natijasidir”, - deya qo‘shimcha qildi Aqqulov.
Ayni damda yarmarkada 85 stend o‘rnatilib, ularning orasidan respublikaning 14 hududi, turli sohaviy tashkilotlar, turoperatorlar, mehmonxonalar va otellar, transport kompaniyalari, o‘quv muassasalari, NNT va boshqa tashkilotlar stendlari o‘rin olgan. Tadbirga 26 mamlakatdan xorijiy ishtirokchilar tashrif buyurgan. Fransiya, Isroil, Koreya Respublikasi, Turkiya, Rossiya, Singapur, Qozog‘iston, Indoneziya, Belarus, Malayziya, Eron shular jumlasidandir. Toshkent xalqaro turistik ko‘rgazmasining rang-barang dasturi madaniy-ko‘ngilochar hamda biznes-uchrashuvlarni o‘z ichiga oladi. Uch kun davomida Ko‘rgazma ishtirokchilari va mehmonlari Milliy pavil'onda yurtimizning har bir hududi turistik salohiyati hamda “Hunarmandlar shaharchasi” ekspozisiyasida O‘zbekistonning xalq amaliy san'ati bilan tanishishlari mumkin. Shuningdek, “Ipak yo‘li ta'mi” festivalida o‘zbek milliy taomlaridan tatib ko‘rib, “Sharq bozori”ni ko‘zdan kechirishadi. Dastur doirasida TXTKda birinchi marta O‘zbekistonning turistik brend elchilari xalqaro forumi hamda O‘zbekiston-Rossiya turizm forumi kabi tadbirlar bo‘lib o‘tadi. Ta'kidlash joizki, Toshkent xalqaro turistik yarmarkasi juda ko‘tarinki kayfiyatda, qiziqarli hodisalarga boy o‘tmoqda. Shunisi quvonarliki, Yarmarka “Dunyo bo‘ylab” hamda “O‘zbekiston 24” telekanallarida to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatilmoqda.