O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
“Ipak yo'lida turizm" Toshkent xalqaro turizm ko‘rgazmasi oldidan matbuot anjumani o‘tkazildi
2019-11-12 | Turizm
11-noyabr kuni Toshkent shahridagi “Poytaxt” biznes markazining “Taraqqiyot” zalida turizm olamining yirik tadbiri - “Ipak yo'lida turizm" Toshkent xalqaro turizm ko‘rgazmasi (TXTK-2019) oldidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.Unda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi v.v.b. Abdulaziz Aqqulov hamda ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashishdi.
“Ipak yo‘lida turizm” Toshkent xalqaro turistik ko‘rgazmasi bu yil 25-marotaba o‘tkazilayotganini alohida ta'kidlashimiz lozim. TXTK 1995-yildan buyon Butunjahon turizm tashkilotining qo‘llab-quvvatlashi ostida o‘tkazib kelinib, nafaqat O‘zbekiston turizmida, balki Markaziy Osiyo mintaqasidagi yirik hodisa hisoblanadi. Uch kun davomida, “O‘zekspomarkaz”ning ikki pavilonida ushbu tadbir o‘tkazilib, ulardan Milliy hamda Xalqaro pavilonlar o‘rin oladi. Milliy pavilonda O‘zbekistonning 14 hududi stendlari va “Hunarmandlar shaharchasi” ekspozisiyasi namoyish etiladi. Xalqaro pavilonda esa 14 davlat, jumladan BAA, Gruziya, Xitoy, Hindiston, Indoneziya, Misr, Koreya Respublkasi, Tailand, Malayziya, Ukraina, Qozog‘iston, Qirg‘iziston hamda O‘zbekiston ekspozisiyalari taqdim etiladi”, - dedi Aziz Abduhakimov.
Shuningdek, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi v.v.b. Abdulaziz Aqqulov matbuot anjumani doirasida 13-15 noyabr kunlari “O‘zekspomarkaz”da o‘tkaziladigan xalqaro ko‘rgazma davomida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan tadbirlar va ularning ishtirokchilari bo‘yicha ma'lumotlar taqdim etdi hamda jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob berdi. 2019-yilgi TXTK tadbirining o‘tgan yillardagidan farqli jihati -dasturdan O‘zbekistonning turistik brendi elchilari forumi hamda O‘zbekiston-Rossiya turizm forumi o‘rin olgan. Bundan tashqari, TXTK-2019 doirasida yana quyidagi tadbirlarning o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan:
Workshop: Isroilning O‘zbekistondagi elchixonasi bilan hamkorlikda “Turizmda marketing” qo‘shma loyihasi;
Shahrisabz Milliy liboslar festivali taqdimoti;
“Vino turizmini rivojlantirish istiqbollari”, “Barqaror turizm uchun mahsulotni qanday yaratish mumkin?”, “Gastronomik turizmning marketing masalalari”, “NNTlarni turizm sohasida institusional qo‘llab-quvvatlash”, “Yevropa biznes-hodisalar sanoatidagi tendensiyalar” taqdimotlari va b.
Shu bilan birga, “O‘zbekistonga sayohat”, “Farg‘ona vodiysi” yangi kitob-fotoalbomi, O‘zbekiston hududlari bo‘yicha qo‘llanmalar taqdimoti ham o‘tkaziladi.
TXTK-2019 doirasida “O‘zbekistonda turizm” mavzuidagi ijtimoiy roliklar, “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” hamda “Selfie&Tourism” fototanlovlari g‘oliblari taqdirlanadi.