O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Oilaviy tadbirkorlarga yana bir qulaylik
2019-11-12 | Jamiyat
Mamlakatimizda aholini tadbirkorlikka keng jalb qilish, oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, yoshlarning biznes g‘oyalarini amalga oshirishga har tomonlama ko‘maklashish borasida tizimli va izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.
Parlament quyi palatasining 2019-yil 12-noyabrda o‘tkazilgan navbatdagi majlisida mazkur sohadagi islohotlarni huquqiy jihatdan mustahkamlashga qaratilgan «Oilaviy tadbirkorlik to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda muhokama qilindi.
Ushbu qonun loyihasi joriy yilning 24-oktabr kuni Qonunchilik palatasining yalpi majlisida birinchi o‘qishda kontseptual jihatdan qabul qilingan edi. O‘tgan vaqt mobaynida mas’ul qo‘mita hamda ishchi guruh tomonidan loyihaning qoida va normalari takomillashtirildi. Norma ijodkorligi talablaridan kelib chiqib, havolaki normalar chiqarilib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlaydigan moddalar kiritildi.
Qonun loyihasiga kiritilgan muhim yangiliklardan biri — endilikda oilaviy tadbirkorlar tomonidan noturar-joy bino-inshootlaridan foydalanilganda ko‘rsatilgan kommunal xizmatlarga to‘lovlar aholi uchun belgilangan tariflar bo‘yicha va shartlar asosida amalga oshirilishi nazarda tutilgan.
Deputatlar ta’kidlaganidek, mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi hududlarda oilaviy tadbirkorlarning ko‘payishi, milliy hunarmandchilikni yanada rivojlantirish hamda aholi bandligini ta’minlashda muhim huquqiy asos bo‘ladi.
Xalq vakillari qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda qabul qildilar.