O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Samarqandda mintaqaviy va global kun tartibiga oid masalalar muhokamasi
2019-11-12 | Jamiyat
Samarqand shahrida 10-11-noyabr kunlari “Valday” xalqaro munozara klubining X Osiyo konferentsiyasi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda dunyoning 11 davlatidan 80 dan ziyod yetakchi siyosatchi, ekspert va olim ishtirok etdi.
O‘zA muxbiri qatnashchilarning anjuman kun tartibiga qo‘yilgan dolzarb masalalarga oid fikr-mulohazalari bilan qiziqdi.
Eldor ORIPOV, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori:
- Tadbir doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti bilan “Valday” xalqaro munozara klubini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash fondi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida bitim imzolandi. Ushbu hujjat tashkilotlarimizning manfaatli sheriklikni rivojlantirishdagi sa’y-harakati uchun huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.
Shuningdek, yaqin vaqtlarda hujjatni amaliyotga joriy etish bo‘yicha reja ishlab chiqishni boshlashga kelishib olindi. Uning doirasida “Valday” munozara klubi majlislarida O‘zbekiston ishtirokini ta’minlash, ustuvor vazifalar yuzasidan muhokamalarni amalga oshirish maqsadida rossiyalik ekspertlarni mamlakatimizga taklif qilish, materiallar chop etishdagi almashinuvni yo‘lga qo‘yish mexanizmlari belgilab olinadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev MDHga a’zo davlatlar rahbarlari kengashining Ashxobod sammitida axborot xavfsizligi sohasida konferentsiya o‘tkazish taklifini ilgari surgan edi. Munozaralar chog‘ida rossiyalik hamkasblarimiz 2020-yilda mamlakatimizda o‘tishi kutilayotgan ushbu xalqaro anjumanda ishtirok etishga tayyor ekanini bildirdi.
O‘zbekiston - Rossiya muhokamalarida belgilangan maqsadlarga birgalikda erishish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashilib, mintaqaviy xavfsizlik, terrorizm va diniy ekstremizm tahdidlariga qarshi kurash bo‘yicha hamkorlikka oid masalalar ko‘rib chiqildi.
Andrey BISTRITSKIY, “Valday” xalqaro munozara klubini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash fondi kengashi raisi:
- O‘zbekistonda so‘nggi yillardagi rivojlanish tendentsiyasi yuqori ko‘rsatkichlarga ega. Bu jarayon, qaysidir ma’noda, Amir Temurning davlat va jamiyat hayotini taraqqiy ettirishdagi intilishlariga monand, deyish mumkin.
O‘zbekiston - Rossiya munosabatlari haqida so‘z borganda, ikki mamlakat geosiyosiy, mintaqada barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha yakdil va o‘xshash qarashlarga ega ekanini ta’kidlash joiz. Ushbu sohadagi hamkorlik esa o‘zaro muloqot va birgalikdagi sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish orqali amalga oshirilmoqda. Tadbir chog‘ida qator muhim masalalar yuzasidan fikr almashilgani ayni jarayondagi yana bir qadamdir.
Afg‘onistondagi vaziyat mintaqa xavfsizligiga tahdid solmoqda. O‘zbekiston mazkur yurtga qo‘shni mamlakat sifatida o‘zaro munosabatlarni izga solish va hamkorlik bo‘yicha katta tajribaga ega. Konferentsiya yakunida shu va hamkorlikning boshqa yo‘nalishlarida birgalikdagi sa’y-harakatlarni amalga oshirish bo‘yicha rejalarni belgilab olish imkoniyatiga ega bo‘ldik.
Aleksey VLASOV, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti boshqarmasining xorijiy davlatlar bilan mintaqalararo va madaniy aloqalar departamenti boshlig‘i:
- Tashkilotchilar bu galgi Osiyo konferentsiyasini o‘tkazish uchun joy tanlashda ko‘plab omillarni hisobga olgan. Albatta, eng asosiy omil - O‘zbekistondagi bugungi o‘zgarishlar, iqtisodiyot, xavfsizlik kabi juda muhim sohalar bo‘yicha nafaqat mintaqa, balki Hamdo‘stlik miqyosida ilg‘or tashabbuslar ilgari surilayotgani bilan bog‘liq.
Rossiya, Yevropa davlatlaridan kelgan ekspertlar ushbu tadbir doirasida betakror Samarqand misolida O‘zbekistonning boy tarixi va madaniyati bilan tanishib, bu yerda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlarga guvoh bo‘ldi.
Keyingi yillarda Rossiya bilan O‘zbekiston o‘rtasida jadal rivojlanayotgan hamkorlikni yanada mustahkamlash tadbirda ko‘tarilgan asosiy masalalardan biri bo‘ldi. Bu Rossiya va O‘zbekiston faollik ko‘rsatayotgan mintaqaviy xavfsizlik hamda barqarorlikni ta’minlashga ham bevosita aloqador.
Bugun Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatda va xalqaro miqyosda ochiq, o‘zaro ishonch ruhidagi siyosat yuritilmoqda. Bu Rossiya bilan munosabatlarda ham namoyon bo‘layotgani quvonarli.
Aleksandr RAR, Germaniya - Rossiya forumi ilmiy direktori:
- Bugungi kunda “Valday” klubi o‘z ishtirokchilari va xalqaro miqyosda keng masalalar bo‘yicha muloqot maydoniga aylanib ulgurdi. So‘nggi yillarda klub tadbirlariga Osiyo davlatlaridan ko‘plab mutaxassislar ishtirok etayotgani ham fikrimizga misol bo‘la oladi.
Mutaxassis sifatida mamlakatingizda kechayotgan ijobiy o‘zgarishlardan xabardorman. O‘zbekiston bilan Germaniya o‘rtasidagi munosabatlarda ham yuqori o‘sish sur’ati kuzatilmoqda. Biznes aloqalar kengaydi. Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha delegatsiyalar tashriflari doimiylik kasb etmoqda.
Markaziy Osiyoning aholisi eng ko‘p, tabiiy resurslarga boy, yirik davlati sifatida O‘zbekiston bilan yaqin hamkorlikdan barcha birdek manfaatdor. Bu yerda amalga oshirilayotgan islohotlar mintaqada ulkan umumiy bozorni vujudga keltirishga xizmat qilmoqda.
Bu fikrlarimni shaxsiy qarash sifatida emas, balki Yevropa mintaqasi nuqtai nazari, deya qabul qilishingiz mumkin. Bu zamin mintaqani Rossiya, Xitoy, Hindiston bilan ham bog‘laydi va yirik xorijiy sarmoyadorlarni o‘ziga chorlaydi.
Dunyoning turli mintaqalaridagi biznes doira vakillari ham bu fikrni qo‘llab-quvvatlaydi va yurtingizdagi intilishlarga hamfikr ekaniga tadbir davomida yana bir karra amin bo‘ldik.
Yuqori darajada va ko‘tarinki ruhda tashkil etilgan “Valday” konferentsiyasi ayni shu masalalar bo‘yicha fikr almashish, qarashlar bilan o‘rtoqlashish uchun qulay imkoniyat yaratdi.
O‘zA muxbiri
G‘ayrat XONNAZAROV
yozib oldi
Alisher ISROILOV (surat)