O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Vladimirovich Putinning «Valday» xalqaro munozara klubi X Osiyo konferentsiyasi ishtirokchilari, tashkilotchilari va mehmonlariga qutlovi
2019-11-11 | Siyosat
Aziz do‘stlar!
Sizni «Valday» xalqaro munozara klubi X Osiyo konferentsiyasi ochilishi munosabati bilan qutlayman.
O‘zbekistonning qadimiy va go‘zal shaharlaridan biri bo‘lmish Samarqandda o‘tkazilayotgan ushbu nufuzli anjuman "Valday" klubida Sharq yili dasturiga yakun yasaydi.
Xalqaro ekspertlar jamiyati tomonidan Osiyoga qaratilayotgan e’tibor haqiqatdan ham asoslidir — eng yirik va dunyoda aholisi zich joylashgan ushbu mintaqaning jahon siyosati va iqtisodiyotidagi roli tobora kuchayib bormoqda. Bu yerda transport, kommunikatsiya va energetika infratuzilmasi, yuqori texnologiyalar va fundamental fan jadal rivojlanmoqda.
Konferentsiya dolzarb mavzuga - global tahdidlar va xavflar sharoitida Markaziy Osiyoda va butun Yevroosiyo mintaqasida ko‘p tomonlama hamkorlik qilish imkoniyatlariga bag‘ishlangan. Sizning oldingizda mavjud mintaqaviy birlashmalar faoliyatining turli jihatlarini ko‘rib chiqish, integratsiya jarayonlarining joriy holati va istiqbollarini, shuningdek, ko‘p sohalarda davlatlararo kooperatsiya salohiyatini baholash vazifalari turibdi.
Rossiya mintaqaning barcha davlatlari bilan o‘zaro amaliy, teng huquqli asosda hamkorlik qilishga tayyor. Biz Yevroosiyo mintaqasidagi tinchlik va farovonlik global ko‘lamdagi xavfsizlik va barqarorlikning muhim sharti ekani to‘g‘risidagi fikrga tayanamiz.
Biz uchun do‘st bo‘lgan O‘zbekiston rahbariyatiga, konferentsiyaga tayyorgarlik ko‘rishda ishtirok etganlarga minnatdorlik bildirgan holda, uning ishtirokchilariga qiziqarli va samarali muzokaralarni tilab qolaman.
Moskva, Kreml
2019-yil 11-noyabr