O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Masdar kompaniyasi bilan investitsiya bitimini imzolash marosimi
2019-11-08 | Iqtisodiyot
Joriy yil 8-noyabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi va Masdar kompaniyasi (BAA) o‘rtasida investitsiya bitimini imzolanishi bo‘lib o‘tdi.
Masdar kompaniyasi O‘zbekiston Respublikasi Navoiy viloyatida umumiy quvvati 100 MVt bo‘lgan fotoelektr stantsiyasini qurishga 100 million dollargacha sarmoya kiritadi.
2019-yil 4-oktabr kuni amirlikning Masdar kompaniyasi O‘zbekiston Respublikasi tarixida quyosh energiyasiga davlat-xususiy sheriklik (DXSh) asosida investitsiyalarini jalb qilish bo‘yicha birinchi ochiq tender g‘olibi deb e’lon qilingan edi.
Masdar quyosh energiyasini rivojlanayotgan bozorlardagi eng past tariflarda - xar bir kilovatt-soat uchun atigi 2,679 AQSh sent hisobiga yetkazib berish taklifini bildirdi.
Masdar kompaniyasi loyihani amalga oshirishning to‘liq davri (25 yil) mobaynida elektr stantsiyasini loyihalashtirish, moliyalashtirish, qurish va ekspluatatsiya qilish ishlarini amalga oshiradi.Qurilish ishlari 2020-yilning birinchi choragida boshlanishi va fotoelektr stantsiyasini foydalanishga topshirilishi 2021-yilning birinchi choragida amalga oshiririlishi kutilmoqda.
Kelishuv bo‘yicha konsultant sifatida Xalqaro Moliya Korporatsiyasi (XMK) jalb qilinib, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga tegishli xujjatlarni ishlab chiqishda va xorijiy mamlakatlarning 40 dan ortiq kompaniyalari ishtirokida tender savdolarini o‘tkazishda ko‘maklashdi.
Eslatib o‘tish joizki, O‘zbekiston hukumati 18-oktabr kuni Vashingtonda XMK bilan davlat-xususiy sheriklik (DXSh) loyihalari orqali 900 MVtgacha quyosh energiyasini ishlab chiqarish bo‘yicha tegishli mandatni imzolagan edi.
O‘zbekiston Respublikasi Investitsiya va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov o‘tkazilgan marosimdagi taassurotlari to‘g‘risida gapirib, ""Masdar” kompaniyasi bilan investitsiya bitimini imzolanishi - tarixiy voqea bo‘lib, uch yil avval Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyev boshchiliklarida boshlangan islohot va o‘zgarishlarning orqaga kaytarilmasligini yana bir bor tasdig‘idir. Biz, O‘zbekiston manfaatlari nuqtai nazaridan yanada maqbul bo‘lgan yechimlarni topish uchun bundan buyon ham shunga o‘xshash loyihalarni ochiqlik va raqobatchilik asosida o‘tkazilishini tarafdorimiz” - deb ta’kidlab o‘tdi.
Yaqin oylarda Samarqand va Jizzax viloyatlarida davlat-xususiy sheriklik asosida quyosh energetikasi sohasida xar biri 200 MVt quvvatga teng bo‘lgan ikki loyiha bo‘yicha tender savdolari boshlanishi kutilmoqda. Bundan so‘ng, 500 MVt quvvat bo‘yicha keyingi bosqich bo‘lib o‘tadi. Umuman olganda, energetika sohasi 1 milliard dollarga yaqin to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qiladi.
Ma’lumot uchun: Masdar kompaniyasi - Abu Dabi Hukumati "Mubadala Investment Company" investitsiya xoldingining sho‘’ba korxonasi bo‘lib, dunyodagi qayta tiklanadigan energiya sohasida yetakchi kompaniyalardan biridir. Kompaniyaning amalga oshirilgan investitsiya loyihalari portfeli qayta tiklanadigan manbalardan elektr energiyasini ishlab chiqarish bo‘yicha 4000 MVt dan ortiq o‘rnatilgan quvvatni o‘z ichiga oladi.