Oʻzbekiston bilan Yaponiya oʻrtasida koʻplab sohalar qatori madaniy-gumanitar, taʼlim yoʻnalishida ham hamkorlik rivojlanmoqda. Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti ayni jarayonga faol hissa qoʻshayotgan Oʻzbekistonning yetakchi oliy taʼlim muassasalaridan biri.
Mazkur taʼlim dargohida ikki mamlakat yoshlari muloqotini har tomonlama faollashtirish maqsadida maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar muntazam oʻtkazib kelinmoqda. Ana shunday tadbirlardan biri 6-noyabr kuni tashkil etilib, unda universitet yoshlari kunchiqar yurt madaniyati bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega boʻldi.
Tadbirda Yaponiyaning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Fujiyama Yoshinori ishtirok etib, rivojlanayotgan Oʻzbekiston – Yaponiya munosabatlari haqida toʻxtaldi. Oʻzbekiston yoshlarining zamonaviy bilim va koʻnikmalarni oʻzlashtirishga intilishi, yapon tili va madaniyatini oʻrganishga ishtiyoqini yuqori baholadi.
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida yapon tili boʻyicha oʻquv mashgʻulotlari yoʻlga qoʻyilgan. Malakali oʻqituvchilar, xususan, Yaponiyadan kelgan mutaxassislar 60 dan ziyod talabaga yapon tilidan saboq bermoqda. Universitet bilan Yaponiya oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida talabalar almashuvi dasturlari amalga oshirilmoqda.
Tadbirda talabalarning yapon tili va adabiyoti boʻyicha bilimi sinovdan oʻtkazildi. Gʻolib yoshlarga elchixona, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) va Nagoya universitetining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi esdalik sovgʻalari topshirildi.
Malohat HUSANOVA, OʻzA