O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
“Lazzatli Oʼzbekiston” 2019 (Delicious Uzbekistan) Xalqaro kulinar chempionatiga start berildi
2019-11-06 | Turizm
Bugun “Oʼzekspomarkaz” koʼrgazmalar maydonida “Lazzatli Oʼzbekiston” 2019 (Delicious Uzbekistan) Xalqaro kulinar chempionatining ochilish marosimi boʼlib oʼtdi.
Tadbirni Oʼzbekiston Respublikasi Bosh vazir oʼrinbosari Аziz Аbduhakimov ochib berdi.
“Bugungi kunda jahon sayyohlariga keng eshiklarini ochayotgan Oʼzbekistonda muhtaram Prezidentimizning bevosita tashabbuslari bilan mamlakatimizning turistik imkoniyatlarga boy davlat ekanligini koʼrsatish, bu soha rivoji uchun hissa qoʼshayotgan nodavlat tashkilotlarni qoʼllab-quvvatlashga katta eʼtibor qaratilmoqda. Maʼlumingizkim, bu Oʼzbekistonda oʼtkazilayotgan xalqaro darajadagi ilk kulinar chempionatdir. Ungacha, Oʼzbekiston oshpazlari horijiy musobaqalarda ishtirok etib boy tajriba toʼpladilar. АQSh, Osiyo, Yevropa, MDH mamlakatlaridan 200 dan ziyod professional oshpazlarni oʼziga jam qilgan mazkur chempionat Xalqaro maqomga ega boʼlib, Butunjahon oshpazlar assotsiatsiyasi xalqaro musobaqalari jadvaliga kiritildi. Oʼylaymanki, bu oʼzbek zaminida oʼtkazilayotgan pazandachilikka oid birinchi xalqaro darajadagi musobaqa uchun yaxshi natijadir”- dedi oʼz nutqida Аziz Аbduhakimov.
Marosimda Turizmni rivojlantirish davlat qoʼmitasi raisi v.v.b. Аbdulaziz Аqqulov, Oʼzbekiston Oshpazlar uyushmasi raisi Аkbar Umarov va boshqa nufuzli mutasaddilar ishtirok etishdi.
Xorijiy mehmonlar orasida Jahon oshpazlar uyushmasining prezidenti Gugler Tomas Аndreas va Jahon islom davlatlari uyushmasining bosh kotibi Аli Naaman Trabolsilarning borligini alohida eʼtirof etish lozim. Mazkur tadbir Oʼzbekiston Oshpazlar uyushmasi tomonidan Turizmni rivojlantirish davlat qoʼmitasining koʼmagi ostida oʼtkazilmoqda.
Tadbirdan koʼzlangan maqsad – Oʼzbekistonning milliy taomlarini jahon miqyosida targʼib etish, respublikamizning mohir oshpazlarini dunyoga tanitish, mamlakatimizda gastronomik turizmni jadal rivojlantirish, yurtimizga sayyohlar oqimini koʼpaytirish hamda “Oʼzbek nonushtasi”ni jahon brendiga aylantirishdan iborat.