O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
“Lazzatli Oʼzbekiston” I Xalqaro kulinariya chempionati matbuot anjumani boʼlib oʼtdi
2019-11-06 | Madaniyat
2019-yil 5-noyabr kuni Toshkent shahridagi “Yoshlar ijod saroyi”da “Lazzatli Oʼzbekiston” birinchi Xalqaro kulinariya chempionatiga bagʼishlangan matbuot anjumani tashkil etildi.
Matbuot anjumanida Oʼzbekiston Respublikasi Bosh vazir oʼrinbosari Аziz Аbduhakimov, Oʼzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʼmitasi raisi v.v.b. Аbdulaziz Аqqulov, Butunjahon bosh oshpazlar hamjamiyati (WАCS), Butunjahon Islom pazandalari uyushmasi (WICS) vakillari, gastronomiya va turizm sohasidagi mahalliy hamda xalqaro ekspertlar, OАV vakillari ishtirok etdi. Tadbirni Oʼzbekiston Respublikasi Bosh vazir oʼrinbosari Аziz Аbduhakimov ochib berdi.
“Bugungi kunda mamlakatimizda aynan turizm sohasida faoliyat koʼrsatayotgan jamoat tashkilotlari faoliyatini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, muhtaram Prezidentimizning Farmon va qarorlari ijrosi doirasida Turizmni rivojlantirish davlat qoʼmitasi tomonidan turizm sohasidagi jamoat tashkilotlari instituttsional qoʼllab-quvvatlanmoqda. Jamoat tashkilotlarini qoʼllab-quvvatlash uchun soʼnggi bir yil davomida jami 1 mldr. 580 mln. soʼm miqdorida mablagʼlar yoʼnaltirilgan boʼlsa, yil yakuniga qadar bu koʼrsatkichni 2,5 mldr. soʼmgacha yetkazish koʼzda tutilgan. Mazkur tadbir ham aynan ushbu qoʼllab-quvvatlash dasturi doirasida tashkil etilmoqda. Quvonarlisi, bu kabi amaliy saʼy-harakatlar tufayli ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, birgina Oʼzbekiston Oshpazlar uyushmasi tomonidan “Lazzatli Oʼzbekiston” birinchi kulinariya entsiklopediyasi va “Oʼzbek nonushtasi” qoʼllanmasi tayyorlandi. Qolaversa, turistlarga xizmat koʼrsatish sifatini oshirishga qaratilgan “Mehmonnavozlik maktabi” loyihasi doirasida turistlarga xizmat koʼrsatuvchi 150 dan ortiq xodimlarning malakasi oshirildi” – deya taʼkidladi oʼz nutqida Аziz Аbduhakimov.
“Lazzatli Oʼzbekiston” (Delicious Uzbekistan) I Xalqaro kulinariya chempionati joriy yilning 6-8-noyabr kunlari Toshkent shahridagi “Oʼzekspomarkaz” koʼrgazmalar maydonida oʼtkazilishi rejalashtirilgan. Mazkur tadbir Oʼzbekiston Oshpazlar uyushmasi tomonidan Turizmni rivojlantirish davlat qoʼmitasining koʼmagi bilan tashkil etilmoqda. Tadbirdan koʼzlangan asosiy maqsad – Oʼzbekistonning milliy taomlarini jahon miqyosida targʼib etish, respublikamizning mohir oshpazlarini dunyoga tanitish, mamlakatimizda gastronomik turizmni jadal rivojlantirish, yurtimizga sayyohlar oqimini koʼpaytirish hamda “Oʼzbek nonushtasi”ni jahon brendiga aylantirishdan iborat. Chempionatni tashkil etishda Butunjahon bosh oshpazlar hamjamiyati (WACS) hamda Butunjahon Islom pazandalari uyushmasi (WICS) hamkorlik qilmoqda.
Ushbu chempionat Butunjahon bosh oshpazlar hamjamiyatining tadbirlar rejasiga kiritilib, xalqaro chempionat maqomiga ega boʼldi. Musobaqalarning tantanali ochilish marosimi 2019-yil 6-noyabr kuni Toshkent shahridagi “Oʼzekspomarkaz” koʼrgazmalar zalida oʼtkazilishi kutilmoqda. Unda chempionatning ilk musobaqalariga start beriladi. Chempionatda jamoalarning ishlarini baholash uchun 20 kishilik hakamlar hayʼati tuzilgan boʼlib, ular turli davlatdan tashrif buyurgan hamda Butunjahon bosh oshpazlar hamjamiyatining (WACS) ekspertlaridan iborat. Uch kun davom etadigan mazkur xalqaro chempionatga 30 ga yaqin xorijiy davlatlardan, jumladan АQSh, BАА, Ozarbayjon, Turkiya, Jazoir, Hindiston, Pokiston, Ruminiya, Gretsiya, Janubiy Koreya, Rossiya, Moʼgʼiliston, Qozogʼiston, Qirgʼiziston va boshqa mamlakatlardan 200 dan ortiq pazandalarning ishtirok etishi kutilmoqda.