Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Termiz tumanidagi Afgʻoniston fuqarolarini oʻqitish taʼlim markazida Oʻzbekiston va Afgʻoniston oʻrtasida transchegaraviy savdoni rivojlantirish boʻyicha Ishchi komissiyasining birinchi majlisi boʻlib oʻtdi.
Majlisda Oʻzbekiston tomonidan Ishchi komissiya raisi, Surxondaryo viloyati hokimi Toʻra Bobolov, Afgʻoniston tomonidan Ishchi komissiya raisi, Balx viloyati hokimi Isxaq Raxguzar soʻnggi yillarda ikki qoʻshni davlat oʻrtasida oʻzaro doʻstlik, birodarlik aloqalari, iqtisodiy-savdo va boshqa sohalarda hamkorlik aloqalari tobora mustahkamlanib borayotganini alohida taʼkidladi. Termiz shahrida Afgʻoniston Islom Respublikasining konsullik idorasi faoliyat yuritayotgani mamlakatlarimiz chegaraoldi mintaqalari oʻrtasidagi aloqalarni yanada rivojlantirishga koʻmaklashayotgani qayd etildi.
Mamlakatimizda xorijiy investorlarga yaratilgan qulay muhitdan foydalanib, afgʻon ishbilarmonlari yurtimizda sanoat, qishloq xoʻjaligi va xizmat koʻrsatish tarmoqlarini rivojlantirishga munosib hissa qoʻshayotir. Xususan, ayni paytda Surxondaryo viloyatida qoʻshni mamlakat sarmoyadorlari ishtirokida 111 xizmat koʻrsatish, 49 qishloq xoʻjaligi va 35 sanoat sohasida qoʻshma hamda xorijiy korxonalar faoliyat yuritayotir. Termiz tumanidagi “Termiz kargo” eksport markazida qoʻshni davlat ishbilarmonlari uchun barcha zamonaviy qulaylik yaratilgan. Bojxona terminali, keng, shinam mehmonxona, restoran va boshqa shoxobchalar afgʻon ishbilarmonlariga sifatli xizmat koʻrsatadi. Hujjatlarning “Bir darcha” prinsipi asosida taqdim etilishi rasmiylashtirish jarayonlarini hech qanday toʻsiqlarsiz, tez va sifatli amalga oshirish imkonini bermoqda. Shuningdek, afgʻonistonlik qoʻshnilar uchun viza rasmiylashtirish soddalashtirilgan.
Joriy yilning oʻtgan davrida qoʻshni mamlakatga viloyatdan 45 million dollar qiymatidagi mahsulot eksport qilindi. 2019-2020-yillarda afgʻon tadbirkorlari hamkorligida janubdagi vohada sanoat, qishloq xoʻjaligi va xizmat koʻrsatish sohalarida qiymati 46 million dollar boʻlgan 40 loyihani amalga oshirishga kelishilgan.
Majlisda Ishchi komissiya aʼzolari yaqin qoʻshni davlatlar oʻrtasidagi chegara, savdo, chegaraoldi masalalarida yuzaga kelayotgan muammolar yechimini birgalikda muhokama etib, tegishli taklif va tavsiyalarni ilgari surdi. Ishchi komissiya aʼzolarining navbatdagi majlisini Afgʻoniston Islom Respublikasining Mozori Sharif shahrida kelgusi oyning ikkinchi yarmida oʻtkazishga kelishildi.
Yaqin qoʻshnilik, azaliy doʻstlik va oʻzaro hamkorlik ruhida oʻtgan majlisda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Afgʻoniston Islom Respublikasidagi maxsus vakili I.Ergashev, Afgʻoniston Islom Respublikasining Termiz shahridagi bosh konsuli Sangin Skandari ishtirok etdi.
Xolmoʻmin MAMATRAYIMOV, OʻzA