O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Norvegiya bilan hamkorlikni yanada kengaytirishning ustuvor yo‘nalishlari muhokama etildi
2019-11-06 | Siyosat
2019-yil 5-noyabr kuni Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Sofoyevning Norvegiya Tashqi ishlar vazirligi davlat kotibi Audun Xalvorsen bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston va Norvegiya o‘rtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni, shuningdek BMT shafeligida Orolbo‘yi mintaqasi uchun ko‘p sheriklik asosidagi Trast fondi doirasidagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama etildi.
Uchrashuvda parlamentlararo aloqalarni rivojlantirish, mamlakatimizga Norvegiya investitsiyalari kirib kelishini oshirish, yuqori texnologik qo‘shma korxonalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish va samarali savdo maydonlarini tashkil etish bo‘yicha ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish muhimligi qayd etildi.
Ta’kidlanganidek, Norvegiyada O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan va amalda o‘z natijasini berayotgan, shu jumladan samarali xalqaro hamkorlik nuqtai nazaridan natija berayotgan demokratik islohotlarni diqqat bilan kuzatishmoqda. Norvegiya tomoni mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning borishiga har qanday ko‘mak berishga tayyor. Shundan kelib chiqib, uchrashuv doirasida Norvegiyaning boy tajribasidan foydalangan holda turli sohalarda hamkorlik yo‘nalishlari bo‘yicha fikr almashildi.
Ikki tomonlama parlamentlararo aloqalarni mustahkamlash uchrashuvda ko‘rib chiqilgan yana bir masala bo‘ldi. Islohotlar jarayonida O‘zbekistonning qonun chiqaruvchi organi rolini kuchaytirish islohotlarning normativ-huquqiy bazasini mustahkamlash va takomillashtirishga, hokimiyatning qonun chiqaruvchi tarmog‘i vakolatlarini to‘liq amalga oshirishga va pirovardida mamlakatda qonun ustuvorligi hamda inson huquqlarini ta’minlashga xizmat qilishi ta’kidlandi. Shu munosabat bilan tomonlar hamkorlikni, axborot va g‘oyalar almashishni chuqurlashtirish yo‘nalishlarini ko‘rib chiqdilar.
BMT shafeligida Orolbo‘yi mintaqasi uchun ko‘p sheriklik asosidagi Trast fondi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘z borganda Norvegiya 1,2 mln. AQSh dollari ajratib, fondning birinchi donori bo‘lganligi ta’kidlandi. Orol inqirozining atrof muhitga va mintaqada yashovchi odamlar hayoti hamda faoliyatiga ta’sirini yumshatish bo‘yicha O‘zbekiston Hukumati tomonidan ko‘rilayotgan kompleks chora-tadbirlar nafaqat O‘zbekiston uchun, balki butun jahon hamjamiyati uchun ulkan ahamiyat kasb etishiga urg‘u berildi. Muhokama etilgan masala bo‘yicha muloqotni davom ettirishning ustuvor yo‘nalishlari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv jarayonida xalqaro tashkilotlar doirasida hamkorlik qilish masalalari va xalqaro hamda mahalliy ahamiyatga molik boshqa mavzular muhokama etildi.