O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Mualliflik va turdosh huquqlar himoyasi
2019-11-04 | Jamiyat
Boku shahrida Ozarbayjon Respublikasi Intellektual mulk agentligi va Butunjahon intellektual mulk tashkiloti hamkorligida “Mualliflik va turdosh huquqlarni jamoaviy asosda boshqarishˮ mavzusida mintaqaviy seminar tashkil etildi.
Seminar ishida BIMT, Ozarbayjon, Qozog'iston, Qirg'iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Turkiya, O’zbekiston Respublikasidan intellektual mulk bo’yicha mas'ul davlat idoralari mutaxassislari ishtirok etishdi.
Seminarda internet tizimida mualliflik huquqlari himoyasi, mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilotlarning mintaqaviy faoliyati va bunda mas'ul davlat idoralarining tutgan o’rni, bunday tashkilotlarning mutaxassislarini o’qitish va malakalarini oshirish hamda BIMT tomonidan jamoaviy tashkilotlarga doir texnik yordam ko’rsatish masalalari muhokama qilindi.
Abdumo’min Yuldashov, Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi bo’lim boshlig’i:
— Raqamli texnologiyalar, shu jumladan internetning jadal rivojlanishi barcha davlatlarning intellektual mulk tizimiga jiddiy ta'sir kơrsatmoqda va bir paytning o’zida raqamli muhitda intellektual mulkka bo’lgan huquqlarning samarali muhofazasi va himoyasi sohasida ham jiddiy muammolarni keltirib chiqarmoqda.
Ma'lumki, mualliflik huquqiga tegishli ko’p turdagi ob'ektlarning (adabiy va musiqa asarlari, filmlar, muzey kolleksiyalari) raqamli formatga o’tkazilishi, intellektual mulkning internetda keng targ’ib qilish imkonini berdi.
Bunday sharoitda mualliflik huquqi va turdosh huquqlarga oid fundamental prinsiplarning raqamli muhitda amalga oshirilishi alohida ahamiyat kasb etadi, bu esa o’z navbatida intellektual mulk muhofazasiga, bu sohada huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlarning kuchaytirilishini talab qiladi.
Seminarda aynan shu masalalarga, ya'ni mualliflik huquqi va turdosh huquqlarning huquqiy muhofazasi, raqamli muhitda kontrafaksion va qaroqchilikka qarshi kurashish masalalariga, shuningdek bu sohada tajriba almashishga qaratildi.