O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Kimyo bo‘yicha Nobel mukofoti laureati Dan Shextman Innovatsion rivojlanish vaziri bilan uchrashdi
2019-11-04 | Fan
Innovatsion rivojlanish vazirligining taklifiga ko‘ra “Texnion” - Isroil texnologiya instituti Materialshunoslik va muhandislik kafedrasi professori, kimyo bo‘yicha Nobel mukofoti laureati Dan Shextman joriy yilning 3-noyabr kuni O‘zbekistonga keldi.
4-noyabr kuni professor D.Shextmanni Innovatsion rivojlanish vazirligi binosida vazir Ibrohim Abdurahmonov qabul qildi.
Professor tashrifining o‘ziga yarasha tarixi bor. O‘tgan yili o‘tkazilgan “Innoweek-2018” innovatsion g‘oyalar haftaligi doirasida o‘tkazilgan startap-tanlovlarda yutgan o‘zbekistonlik yosh tadqiqotchi Amir Abidov Isroilda 3 hafta amaliyot o‘tab kelish imkoniga ega bo‘ldi. Isroildagi tashrifi davomida A.Abidov ga professor Dan Shextman bilan uchrashish imkoniyati yaratildi va u professorni O‘zbekistonga taklif qildi. Vazirlik rahbariyati esa o‘z navbatida Isroil elchixonasi orqali professorni O‘zbekistonga rasman taklif qildi.
O‘zining tig‘iz ish jadvaliga qaramasdan Nobel mukofoti laureati Dan Shextman O‘zbekistonga bir haftalik dasturda ishtirok etish uchun yetib keldi. 4-9-noyabr kunlari Texnion - Isroil texnologiya universiteti professori Toshkent va Samarqand universitetlarida ma’ruzalar o‘qiydi, IT park, Ilg‘or texnologiyalar markazi, O‘zbekistondagi iqtidorli bolalar uchun birinchi prezident maktabi faoliyatlari bilan tanishadi.
Eslatib o‘tamiz, Dan Shextman “kvazikristal”larni kashf etgani bois 2011-yilda kimyo bo‘yicha Nobel mukofoti sovrini bilan mukofotlangan. U nafaqat kimyo, balki fizika sohasidagi yutuqlari uchun ham boshqa nufuzli ilmiy mukofotlarga ega.
1996-yilda professor Shextman Isroil Fanlar akademiyasining a’zosi, 2000-yilda AQSh milliy texnik akademiyasining a’zosi, 2004-yilda Yevropa fanlar akademiyasi a’zosi etib saylangan.
Hozirgi kunda professorning kashfiyoti sanoatning turli xil sohalarida qo‘llanilmoqda, jumladan, metallurgiya, muqobil energetika, optika, elektronika, meditsina hamda kosmos sohalarida.
Professor Shextman har yili o‘z ma’ruzalari bilan butun dunyo bo‘ylab o‘nlab universitetlarga tashrif buyuradi. Uning ma’ruzalari nafaqat kimyo, balki yosh olimlarning tadbirkorlik ruxini rivojlantirishga bag‘ishlangan. Professor "texnologik" tadbirkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratmoqda.
Professorning tashrifi, shubhasiz, mamlakatimiz yoshlari o‘rtasida ilm-fanni ommalashtirish va O‘zbekiston innovatsion ekotizimini rivojlantirishga xizmat qiladi.