O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Eksport tovarlar ortilgan avtotransport vositalarining bojxona rasmiylashtiruvi uchun vaqt 5.5 barobarga qisqardi
2019-11-04 | Jamiyat
Sof.uz saytida e’lon qilingan «Eksport muammolari: onlayn platforma yo‘q, logistika qimmat, byurokratiya va boshqalar» sarlavhali material yuzasidan Davlat bojxona qo‘mitasi quyidagilarni ma’lum qiladi.
Mazkur maqolada asosan xorijga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilish jarayonida yuzaga kelayotgan muammolar qayd etilgan.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportiga yanada keng imkoniyatlar yaratish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 17-oktabrdagi “Meva-sabzavot mahsulotlarini tashqi bozorlarga chiqarish samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-3978-sonli Qarori qabul qilingan bo‘lib, unga muvofiq eksport qilinadigan meva-sabzavot mahsulotlari bojxona ko‘rigidan o‘tkazilmaydi. Bojxona qonun hujjatlari buzilishi xavfi belgilari aniqlangan holatlar esa bundan mustasno ekanligi belgilab qo‘yilgan.
Shuningdek, bojxona organlari tomonidan bojxona nazorati hamda rasmiylashtiruvi jarayonini soddalashtirish, unga sarflanadigan vaqtni yanada qisqartirish bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Ayniqsa, joriy yilda bojxona organlari amaliyotiga to‘liq joriy etilgan “Xavfni boshqarish tizimi” halol tadbirkorlar uchun keng imkoniyatlar yaratdi.
Natijada, joriy yilning yanvar-sentyabr oylari davomida chegara bojxona postlarida eksportga tovarlar ortilgan avtotransport vositalari bojxona rasmiylashtiruvi uchun sarflangan o‘rtacha vaqt o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 5,5 barabarga qisqardi va 10-15 daqiqani tashkil etdi.
Shu bilan birga, joriy yilning 9 oyi davomida bojxona postlari orqali harakatlangan avtotransport vositalari soni 1 mln. 397,3 mingtani tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 514,9 mingtaga oshdi (2018-yil 9 oyida 882,4 ming).
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 21-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining davlat chegarasi orqali o‘tkazish punktlarida chegara, bojxona, sanitariya-karantin, fitosanitariya va veterinariya nazoratini tashkil etish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi 1007-sonli qarori 9-bandiga muvofiq, tirik hayvonlar, tez buziladigan tovarlar, radioaktiv materiallar, ommaviy axborot maqsadlari uchun xabarlar va boshqa materiallar Davlat chegarasi orqali ustuvor tartibda o‘tkaziladi.
Xususan, eksport tovarlari ortilgan avtotransport vositalari chegara bojxona postlariga o‘rnatilgan zamonaviy inspektsion ko‘rik majmualari yordamida atigi bir necha daqiqa ichida to‘liq bojxona nazoratidan o‘tkazilmoqda.
Shuningdek, Muhtaram Prezidentimizning 2018-yil 24-noyabrdagi “Bojxona ma’muriyatchiligini takomillashtirish va O‘zbekiston Respublikasi davlat bojxona xizmati organlari faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq, 2019-2021-yillarda 9 ta chegara bojxona postlari hududlariga tutash joylarda zamonaviy bojxona terminallari qurilishi rejalashtirilgan bo‘lib, bugungi kunda mazkur yo‘nalishda jadal ishlar olib borilmoqda.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, Davlat bojxona qo‘mitasi tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilari va tashuvchilarning bojxona sohasidagi har qanday savol hamda murojaatlariga o‘z vaqtida javob berishga tayyor ekanligini ma’lum qiladi.