O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Xorijda istiqomat qilayotgan barcha vatandoshlarimiz uchun ovoz berish imkoniyati yaratib beriladi
2019-11-04 | Saylov
Joriy yilning 1-noyabr kuni Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda MSK a’zolari, siyosiy partiyalar va OAV vakillari ishtirok etdi.
Kun tartibidan O‘zbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari huzurida tuzilgan 53 ta saylov uchastkasini tegishli saylov okruglariga biriktirish, Xitoy Xalq Respublikasida tuzilgan saylov uchastkalari faoliyatini tashkil etish va XXRdagi Vatandoshlarimizning saylovda ovoz berish huquqlarini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida O‘zbekiston Respublikasining Xitoy Xalq Respublikasidagi elchixonasi siyosiy masallar bo‘yicha maslahatchisi Nuriddin Ubaydullayevning axboroti hamda Xalqaro matbuot markazining Jizzax va Navoiy viloyatlari bo‘limlarining saylov jarayoniga tayyorgarligi haqidagi axboroti o‘rin oldi.
Saylov kodeksining 10-moddasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida saylov uchastkalari tuzilishi, ularni okrugga biriktirish to‘g‘risidagi masala Markaziy saylov komissiyasi tomonidan hal etilishi belgilab qo‘yilgan. O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida saylov uchastkalari O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining taqdimnomasiga binoan Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tuziladi.
Ushbu saylov uchastkalari saylovga kamida oltmish kun qolganida, qoida tariqasida, saylovchilar soni kamida yigirma nafardan va ko‘pi bilan uch ming nafardan oshmagan holda tashkil etiladi.
Majlisda so‘zga chiqqan MSK raisi o‘rinbosari Maxmud Istamov takidlaganidek, joriy yildagi saylovlarda xorijda istiqomat qilayotgan barcha vatandoshlarimiz uchun ovoz berish imkoniyati yaratiladi. Avvalari ushbu siyosiy tadbirda faqat konsullik vakolatxonalardan rasmiy ro‘yxatdan o‘tgan o‘zbekistonliklar o‘zlarning konstitutsiyaviy huquqlaridan foydalanar edi. Endi esa, chet elda vaqtincha yoki doimiy yashayotgan O‘zbekiston fuqarolari ham xorijda tashkil etilgan saylov uchastkalariga murojaat etadi yoki Tashqi ishlar vazirligining rasmiy veb-sahifasidan ro‘yxatdan o‘tib, saylovlarda ovoz berishi mumkin.
Xorijda vaqtincha va doimiy yashayotgan O‘zbekiston fuqarolari 2019-yil 22-dekabr kuni bo‘lib o‘tadigan Oliy majlis qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlar deputatlari sayloviga oid savollariga Markaziy saylov komissiyasining Toshkent shahrida o‘rnatilgan +99855-502-44-44 raqamli ishonch telefoni orqali javob olishlari mumkin.
Shuningdek ular “Saylov2019” mobil ilovasidan ham ma’lumotlar olishlari mumkin. Tadbir davomida Xitoy Xalq Respublikasida ochilgan saylov uchastkalari faoliyatini tashkil etish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Xitoy Xalq Respublikasidagi elchixonasi siyosiy masallar bo‘yicha maslahatchisi Nuriddin Ubaydullayev to‘g‘ridan to‘g‘ri video aloqa orqali axborot berdi.
Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, xozirgi kunda Xitoy Xalq Respublikasidagi O‘zbekiston Respublikasi diplomatik vakolatxona va konsullik muassasalarida
845 nafarga yaqin O‘zbekiston fuqarolari ro‘yxatdan o‘tgan. XXRdagi saylov uchastkalari soni 2 tani tashkil etadi. Ular Pekin va Shanxay shaharlarida joylashgan.
Tadbir davomida elchi janoblari tomonidan takidlanganidek, Markaziy saylov komissiyasining “Saylov qonunchiligi targ‘iboti oyligini tashkil etish va o‘tkazish to‘g‘risida” gi qaroriga muvofiq fuqarolar xususan, yoshlar, turli ta’lim dargoxlari, mehnat jamoalari o‘rtasida uchrashuvlar o‘tkazilmoqda.
Kun tartibidagi navbatdagi masala - MSK Xalqaro matbuot markazining Navoiy hamda Jizzax viloyatlari bo‘limlarining saylov jarayoniga tayyorgarligi haqidagi axboroti eshitildi.
Xalqaro Matbuot markazi Navoiy viloyati bo‘limi Navoiy shahridagi Yoshlar markazida joylashgan bo‘lib, saylov jarayonlarini ochiq-oshkora va tezlik bilan yoritish uchun barcha zaruriy texnika va jihozlar bilan ta’minlangan. Bo‘lim tomonidan saylov kampaniyasi boshlangandan buyon OAV vakillari uchun 3 marta seminar-trening, 3 marta matbuot anjumani o‘tkazildi. Shuningdek, 2 marta Navoiy viloyat teleradiokampaniyasida to‘g‘ridan to‘g‘ri efir orqali “Ochiq muloqot” ko‘rsatuvi va eshittirishi, viloyat saylov komissiyasi a’zolari bilan birgalikda 22 marotaba targ‘ibot tadbirlari va uchrashuvlar tashkil etildi.
Xalqaro matbuot markazi Navoiy viloyati bo‘limi tashabbusi bilan viloyatda saylov jarayonlariga tayyorgarlik ishlari va olib borilayotgan targ‘ibot tadbirlari bo‘yicha Navoiy viloyati teleradiokompaniyasida jami 326 ta teleradiomahsulot, jumladan: 43 ta teledastur, radioda 28 ta eshittirish, shuningdek “Saylov kodeksidagi yangiliklar”, “Yangi O‘zbekiston - yangi saylovlar” va “Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati” rukni ostidagi videoroliklar 255 marotaba efirga uzatildi. Viloyatdagi bosma OAVlari “Do‘stlik bayrog‘i”, “Znamya drujbi”, “Navoiy ziyosi”, “Ma’naviyat ko‘zgusi” va tuman, shahar muassisligidagi nashrlarda jami 62 ta material chop etildi.
Markaziy Saylov komissiyasining Xalqaro Matbuot markazi viloyat bo‘limlariga qo‘yilgan texnik talablarga ko‘ra, Jizzax viloyat Xalqaro Matbuot markazi viloyat saylov komissiyasi bilan bir binoda, ya’ni “Yoshlar innovatsion markazi”ga joylashtirilgan. Mazkur bino Jizzax shahrining markazida joylashgan.
Bugungi kunda viloyatdagi teleradiokanallar va bosma nashrlarda saylovga oid targ‘ibot-tashviqot materiallari, viloyat sylov komissiyalari a’zolarining maqola va intervyulari muntazab berib borilmoqda.
Viloyat saylov komissiyasining internetdagi sayti ochilib, bugungi kungacha saylovga oid 20 dan ortiq mavzulardagi turli materiallar joylashtirildi. Shuningdek, telegramm kanali orqali ham saylov jarayoniga oid faoliyat keng yoritib borilmoqda. Targ‘ibot oyligi davomida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlarga ko‘ra viloyat televideniyesi va viloyat gazetasida viloyat saylov komissiyasining raisi va komissiya a’zolarining chiqishlari yo‘lga qo‘yildi.
Tadbir yakunida “Saylov kampaniyasi davrida ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida nizom”ga muvofiq adar MSK tomonidan shu kunga qadar akkreditatsiyadan o‘tkazilgan OAV vakillariga akkreditatsiyadan o‘tganlik haqidagi guvohnomalar topshirildi.