O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Qiymati 3 mln 262 ming AQSh dollariga teng grant loyihalari hamda FAO 32-Evropa mintaqaviy konferentsiyasining Toshkentda o‘tkazilishiga doir memorandum imzolandi
2019-11-04 | Iqtisodiyot
Qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xodjayev BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) Bosh direktori o‘rinbosari, Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqaviy vakolatxonasi rahbari Vladimir Raxmanin bilan uchrashdi.
Uchrashuvda Vazir J.Xodjayev FAO Bosh direktori o‘rinbosari V.Raxmaninni O‘zbekistonga tashrifi bilan qutlab, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030-yillarga mo‘ljallangan Strategiyasidagi faol ishtiroki uchun minnatdorlik bildirdi.
V.Raxmanin, o‘z navbatida, dunyo hamjamiyatining e’tiborini tortayotgan O‘zbekistonda so‘nggi yillarda katta ijobiy o‘zgarishlar yuz berayotgani, ayniqsa, shu kunlarda Toshkent shahrida o‘tkaziladigan ShHTning hukumat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisida Oziq-ovqat xavfsizligi sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi dastur imzolanishining rejalashtirilgani yana bir e’tiborning yuksak namunasi ekanligini bildirdi.
2020-yilning 5-7-may kunlari Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida ilk marotaba FAOning Yevropa mintaqaviy konferentsiyasi Toshkent shahrida o‘tkaziladi. 32-marotaba tashkil etiladigan FAOning mintaqaviy boshqaruv organi bo‘lgan konferentsiyada Yevropa va Markaziy Osiyoning 54 davlatidan 300 dan ortiq delegatlar ishtirok etadi. Unda qabul qilingan qarorlar keyingi yillarda oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirish va qishloq ho‘jaligi sohasini barqaror rivojlantirish borasida FAO faoliyatining yo‘nalishlarini belgilaydi. Uchrashuvda, mazkur tadbirni yuqori saviyada tashkil etish yuzasidan o‘zaro fikr almashildi.
Tomonlar, shuningdek, qishloq xo‘jaligini kompleks raqamlashtirish, bu borada mutaxassislarni tayyorlash, O‘zbekistonda 1,1 mln.ga foydalanishdan chiqqan yerlardan maqsadli foydalanish, O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligini isloh qilish yo‘lida hukumat tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlar, mazkur sohada xalqaro tashkilotlar, jumladan FAO bilan tobora rivojlanib borayotgan hamkorlik aloqalari xususida so‘z yuritildi.
Tadbir doirasida Qishloq xo‘jaligi vazirligi va FAO o‘rtasida qiymati 3 mln 262 mingAQSh dollariga teng "Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish va monitoring qilish bo‘yicha milliy imkoniyatlarni kuchaytirish", “Akvakultura va baliqchilik sohalarida qiymat zanjiri bo‘yicha milliy tadqiqot va strategiya”, “Asalarichilikni barqaror rivojlantirish”, “Markaziy Osiyo mamlakatlarida oziq-ovqat va oziq-ovqat chiqindilarining kamayishi", “Markaziy Osiyoda barqaror baliqchilik xo‘jaligi va akvakulturani boshqarish uchun salohiyat yaratish”, “Markaziy Osiyo va Kavkaz mintaqalarida bug‘doy zangi kasalliklariga qarshi kurashda va naslchilikni rivojlantirishda mintaqaviy hamkorlik va milliy salohiyatni kuchaytirish” borasidagi texnik yordam loyihalari va hamkorlik dasturlariga oid hujjatlar imzolandi.
Ushbu hamkorlik doirasidagi chora-tadbirlar yaqinda tasdiqlangan Qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030-yillarga mo‘ljallangan Strategiyasida belgilangan vazifalarni bajarishda qo‘yilgan ilk qadamlardan biri bo‘lib, ular FAO texnik ko‘magi dasturi hamda FAO-Turkiya hamkorligi doirasida amalga oshiriladi.
Qisqa va o‘rta muddatlarga mo‘ljallangan mazkur loyihalar O‘zbekistonda BMT barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish va monitoring qilish, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarilishida yo‘qotishlarni kamaytirish, baliqchilik, asalarichilik, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarida qo‘shimcha qiymat zanjirlarini rivojlantirish hamda tashqi bozorlarga kirish kabi yo‘nalishlarni rivojlantirishga xizmat qiladi.
Uchrashuvda, shuningdek, Qishloq xo‘jaligi vazirligi va FAO o‘rtasida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan 32-Evropa mintaqaviy konferentsiyasi to‘g‘risidagi memorandum imzolandi.