Poytaxtimizda “Sement sanoati va bozori” XVII xalqaro anjuman oʻz ishini boshlaydi
Shu munosabat bilan poytaxtimizdagi “International Hotel Tashkent” mehmonxonasida “Oʻzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi va Rossiya Federatsiyasining “Biznes sem” kompaniyasi hamkorligida matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.
Mutasaddi tashkilot vakillari, xalqaro ekspertlar, xorijiy va mahalliy kompaniya vakillari hamda OAV xodimlari ishtirok etgan ushbu tadbirda sohadagi erishilgan yutuqlar va kelgusi rejalar, shuningdek, sement sanoatini rivojlantirish boʻyicha yirik investitsiya loyihalar haqida toʻliq maʼlumot berildi.
“Oʻzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi boshqaruvi raisi oʻrinbosari Bahodir Ismoilovning taʼkidlashicha, “Sement sanoati va bozori” XVII Markaziy Osiyo xalqaro konferensiyasi yurtimizda 8 marotaba oʻtkazilgan. Xalqaro anjuman Oʻzbekiston sement sanoatini rivojlantirish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va hamkorlikda ishlash, mavjud ishlab chiqarish quvvatlarini rekonstruksiya qilish, mahsulot ishlab chiqarish hajmini oshirishda muhim hisoblanadi. Boisi shundaki, unda 16 davlatdan 80 dan ortiq sement sanoati mutaxassislari, xalqaro ekspertlar, yirik kompaniya vakillari ishtirok etadi.
Anjuman doirasida sement sanoati uchun dunyoga mashhur yirik uskuna va texnika ishlab chiqaruvchilar koʻrgazmasi ham oʻtkaziladi.
Maʼlumot oʻrnida, “Sement sanoati va bozori” XVII xalqaro konferensiyasi 4-6-noyabr kunlari boʻlib oʻtadi.
Nasiba Ziyodullayeva, OʻzA