O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Davlat xizmatchilarining ish vaqti me'yorlari yanada takomillashtiriladi
2019-11-04 | Jamiyat
O‘zbekistonda bugun tatbiq etilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirish jamiyatning barcha a'zolari va birinchi galda, davlat organi xodimlari zimmasiga yuksak vazifa hamda mas'uliyat yuklaydi.
Ta'kidlash joizki, o‘z oldiga ijtimoiy-iqtisodiy tub o‘zgarishlar vazifasini qo‘ygan deyarli barcha mamlakatlarda davlat xizmatchilari ish vaqtini qayta ko‘rib chiqish amaliyoti kuzatilgan. O‘z davrida ulkan iqtisodiy va ijtimoiy o‘zgarishlarni amalga oshirgan Singapur, Koreya Respublikasi, Yaponiya va boshqa davlatlarni shuning yorqin misoli sifatida ko‘rsatish mumkin.
Shu ma'noda, bugun yurtimiz taraqqiyoti yo‘lida belgilangan salmoqli ishlarni yuzaga chiqarish mehnat faoliyatida katta kuch va irodani talab etishi tabiiy. Bunday hollarda ishning uzoq vaqt davom etishi, dam olish vaqtining qisqarishi bevosita davlat xizmatchisining ish unumdorligi va sifatiga salbiy ta'sir qilishi mumkin.
Ayni shu bois O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti barcha davlat organi rahbarlariga kechki majlisbozliklarga chek qo‘yish, davlat xizmatchilari, shu jumladan, rahbarlarning shanba kuni 17:00 dan keyin ishxonada qolmasliklari, yakshanba kunlari esa to‘liq oila davrasida bo‘lishni nazarda tutgan holda ishlarni tashkil etish bilan bog‘liq aniq ko‘rsatmalar berdi.
Shuningdek, 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan chora-tadbirlar orasida:
- davlat organlari faoliyatiga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy qilish va xizmat hujjat aylanishi tizimini takomillashtirish;
- davlat organlarida har bir lavozim pozitsiyalari bo‘yicha vazifalarni optimallashtirish, vazifalar dublikatiga yo‘l qo‘ymaslik;
- barcha darajadagi davlat xizmatchilarining malakasi professionalligini oshirish;
- “Davlat xizmati to‘g‘risida” qonun hujjatini ishlab chiqish singari chora-tadbirlar davlat xizmatchilari mehnat faoliyatini tartiblashga qaratilgan.
Xususan, “Davlat xizmati to‘g‘risida”gi qonun loyihasida O‘zbekiston Respublikasida quyidagi prinsiplarga asoslangan davlat xizmati tizimini yaratish maqsad qilingan:
vatanparvarlik va xalqqa xizmat;
qonuniylik;
fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining ustuvorligi;
siyosiy neytrallik;
adolat, halollik va xolislik;
professionallik va chuqur bilimga asoslanganlik;
vatanparvarlik va xizmat vazifasiga sadoqat;
davlat xizmatiga qabul qilish va yuqori lavazimga ko‘tarilishdagi ochiqlik;
davlat xizmatchilarining ijtimoiy va huquqiy himoyalanganligi va h.k.
Albatta, yangi qonun loyihasida davlat xizmatchilarining ish vaqti masalasi ham e'tibordan chetda qolmagan. Unga ko‘ra davlat xizmatchisining ish vaqti mehnat qonunchiligi umum me'yorlariga asoslangan.
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksiga muvofiq, ish vaqtidan tashqari ishlar xodimning roziligi bilan qo‘llanishi mumkin. Ish vaqtidan tashqari ishning muddati har bir xodim uchun surunkasiga ikki kun davomida to‘rt soatdan (mehnat sharoiti og‘ir va zararli ishlarda — bir kunda ikki soatdan) va yiliga bir yuz yigirma soatdan ortiq bo‘lmasligi lozim. Ish smenasining muddati o‘n ikki soatdan iborat bo‘lganda, shuningdek mehnat sharoiti o‘ta og‘ir va o‘ta zararli ishlarda ish vaqtidan tashqari ishlarga yo‘l qo‘yilmaydi.
Ishlab chiqarish-texnika sharoitlari va boshqa sharoitlarga (uzluksiz ishlaydigan korxonalar, ob'ektlarni qo‘riqlash, ularning xavfsizligini ta'minlash kabilarga) ko‘ra ishni to‘xtatib turish mumkin bo‘lmagan joylarda, aholiga xizmat ko‘rsatish zarurati bo‘lgan ishlarda, shuningdek kechiktirib bo‘lmaydigan ta'mirlash va yuk ortish-tushirish ishlarida bayram (ishlanmaydigan) kunlari ishlashga yo‘l qo‘yiladi.
Mehant kodeksining 157-moddasiga asosan ish vaqtidan tashqari ishlar, dam olish kunlari va bayram kunlaridagi ishlar uchun kamida ikki hissa miqdorida haq to‘lanadi. To‘lanadigan haqning aniq miqdori jamoa shartnomasida, agar u tuzilmagan bo‘lsa, — ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi bilan kelishib belgilanadi.
Bayram yoki dam olish kunidagi ish xodimning xohishiga qarab boshqa dam olish kuni (otgul) berish bilan qoplanishi mumkin.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi davlat xizmati boshqaruvi tizimini rivojlantirishdagi muhim odimlardan biri – bu O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 3-oktabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida kadrlar siyosati va davlat fuqarolik xizmati tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5843-son Farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining tashkil etilgani bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasida kadrlar siyosatini va davlat fuqarolik xizmati tizimini tubdan takomillashtirishga oid birinchi navbatdagi chora-tadbirlar dasturi ham belgilandi. Mazkur dastur davlat xizmati borasida qo‘yilgan vazifalarni amalga oshirishga yo‘naltirilgan keng qamrovli chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan.
Belgilangan vazifalarning favqulodda murakkabligini hisobga olgan holda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni bilan tegishli vazirliklar va joylardagi davlat hokimiyat organlari aniqlanib, ularda yil davomida sinov tariqasida tanlov asosida ishga qabul qilish mexanizmlari ko‘rib chiqiladi va takomillashtiriladi. Shunday vazirliklardan biri Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda uning tizim tashkilotlari hisoblanadi.