Toshkentda oʻtayotgan SHHTga aʼzo davlatlar Hukumat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisi tadbirlari doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov Afgʻoniston Islom Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Abdulla bilan uchrashdi.
Muloqot chogʻida Oʻzbekiston bilan Afgʻoniston oʻrtasida iqtisodiy hamkorlik va gumanitar almashuvlar koʻlami kengayib borayotgani taʼkidlandi. Turli darajadagi delegatsiyalar tashriflari faollashgani, xususan, ikki davlat rahbarlarining oliy darajadagi muloqotlari doʻstona va ishonch ruhidagi sheriklik rivojida muhim omil boʻlayotir.
Uchrashuvda Oʻzbekiston hukumati delegatsiyasining joriy yil Afgʻonistonga tashrifi muvaffaqiyatli oʻtgani eʼtirof etildi. Oʻzbekiston qoʻshni va birodar mamlakatda tinchlikka erishish maqsadida Afgʻoniston xalqi va hukumatini qoʻllab-quvvatlashga tayyor ekani bildirildi.
Tomonlar ikki mamlakat oʻrtasidagi munosabatlarni bundan keyin ham mustahkamlab borishda qatʼiy ekanini taʼkidladi.
Ulugʻbek SHONAZAROV, OʻzA