Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov Toshkentda oʻtayotgan SHHTga aʼzo davlatlar Hukumat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisi tadbirlari doirasida Belarus Respublikasi Bosh vaziri Sergey Rumas bilan uchrashdi.
Suhbat chogʻida Oʻzbekiston – Belarus munosabatlarida yuqori surʼatlar kuzatilayotgani, oʻzaro manfaatli va teng sheriklik asosidagi hamkorlik rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Belarusga va hamkor mamlakat yetakchisi Aleksandr Lukashenkoning mamlakatimizga tashrifi hamkorlikni sifat jihatidan yangi darajaga olib chiqib, uni aniq mazmun bilan boyitgani taʼkidlandi.
Hukumat rahbarlari muloqot chogʻida oliy darajadagi tashriflarda savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, ilmiy-texnik, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda imzolangan bitimlarni oʻz vaqtida amalga oshirish masalalarini muhokama qildilar.
Ulugʻbek SHONAZAROV, OʻzA