Bokuda MDHga a’zo davlatlar mudofaa vazirlari kengashining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
30-oktabr kuni Boku shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo mamlakatlar mudofaa vazirlarni kengashining 77-sammiti bo‘lib o‘tdi.
Sammitda Rossiya mudofaa vaziri armiya generali Sergey Shoygu, Ozarbayjon mudofaa vaziri general-polkovnik Zakir Gasanov, O‘zbekiston mudofaa vaziri general-mayor Bahodir Qurbonov, Belarus Respublikasi mudofaa vaziri general-leytenant Andrey Ravkov, Qozog‘iston mudofaa vaziri general-mayor Nurlan Yermekbaev, Tojikiston mudofaa vaziri general-polkovnik Sherali Mirzo, Qirg‘iziston Qurolli Kuchlari Bosh shtabi boshlig‘i general-mayor Rayimberdi Duyshenbiev, MDH Ijroiya qo‘mitasi raisi– Ijrochi kotibi Sergey Lebedev ishtirok etdi.
Asosiy yig‘ilish oldidan mudofaa vazirlari Boku shahridagi “Shahidlar maydoni”da bo‘lib, “Mangu olov” monumenti poyiga gulchambar qo‘ydi va mamlakat hududiy yaxlitligi yo‘lida jon fido qilgan ozar harbiy xizmatchilariga hurmat bajo keltirdi.
MDHga a’zo davlatlar mudofaa vazirlarining kengashida Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliev ham ishtirok etdi.
Sammit kun tartibidan MDHga a’zo davlatlarning 2025-yilgacha harbiy sohadagi hamkorligi konsepsiyasi, radiatsiya, kimyoviy va biologik sohalarda qo‘shma monitoring va vaziyatni baholashga oid masalalar muhokama qilindi.
Shuningdek, vazirlar “Xalqaro armiya o‘yinlari – 2019” natijalarini sarhisob qilib, MDH harbiy kuchlari uchun ofitser kadrlar tayyorlash hamda “Ilmning boshlanishi” xalqaro ilmiy g‘oyalar festivalini o‘tkazishni muhokama qildilar. Ikkinchi jahon urushida erishilgan g‘alabaning 75 yilligini nishonlashga bag‘ishlangan alohida suhbat bo‘lib o‘tdi.