O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Innovatsion gʻoyalar haftaligi
2019-10-30 | Innovatsiya
Poytaxtimizdagi “Oʻzekspomarkaz” milliy koʻrgazmalar zalida “INNOWEEK – 2019” innovatsion gʻoyalar haftaligi boshlandi.
Davlatimiz rahbarining “2019-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini innovatsion rivojlantirish strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi farmonida taʼkidlangan inson kapitalini mamlakat raqobatbardoshligi va xalqaro maydonda innovatsion yuksalishning asosiy omili sifatida rivojlantirish haftalikni oʻtkazishga asos boʻlgan bosh maqsadlardan biridir.
Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan tashkil etilgan mazkur nufuzli xalqaro anjumanning ochilishida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov, Bosh vazir oʻrinbosari Aziz Abduhakimov, innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov, shuningdek, mamlakatimizdagi qator xalqaro tashkilotlar masʼul vakillari ishtirok etdi.
Marosimda bugungi jadal oʻzgarishlar davrida har qanday davlatning taraqqiy etishi bevosita innovatsiyalarga bogʻliq ekani, shu maʼnoda yangilangan Oʻzbekistonning innovatsion gʻoyalarni qoʻllab-quvvatlash borasidagi tashabbuslari xalqaro hamjamiyat tomonidan yuksak eʼtirof etilayotgani, ushbu haftalik ham mamlakatimizda ayni yoʻnalishda amalga oshirilayotgan saʼy-harakatlarning mantiqiy davomi ekani taʼkidlandi.
Oʻtgan yili yurtimizda oʻtkazilgan Innovatsion gʻoyalar haftaligida 20 davlatdan 5000 ga yaqin vakil ishtirok etgandi. Bu yilgi “INNOWEEK – 2019” doirasida esa 30 dan ortiq mamlakatdan kelgan 6000 ga yaqin ishtirokchi jam boʻldi. Eng muhimi, tadbirning nufuzi, ahamiyati nafaqat son koʻrsatkichlari, balki sifat darajasi boʻyicha ham sezilarli ortgani qayd etildi. Haftalik ham shakl, ham mazmun jihatidan mutlaqo yangicha koʻrinishda tashkil etilgan.
“INNOWEEK–2019” innovatsion gʻoyalar haftaligining dastlabki kunida bir qator muhim tadbirlar oʻtkazildi.
Haftalik doirasidagi innovatsion mahsulotlar koʻrgazmasida mahalliy hamda xorijiy innovatsion va ilmiy markazlar, investitsiya jamgʻarmalari, texnologiya agentliklari, texnoparklar va biznes inkubatorlar oʻzlarining eng soʻnggi texnologiyalari, innovatsion loyihalari, prototiplari va biznes modellari bilan ishtirok etmoqda. Namoyish etilayotgan mahsulotlar, loyihalar va gʻoyalar mamlakatimiz iqtisodiyoti uchun qulay boʻlgan yangi investitsiyalarni tanlash va jalb etish imkonini beradi.
“INNOWEEK–2019” dasturidan, shuningdek, Xalqaro innovatsion-investitsion forum, IRC xalqaro robototexnika chempionati, Osiyo-Tinch okeani texnologiyalar transferi markazi bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Innovatsiyalar va texnologiyalar transferida intellektual mulkning ahamiyati” mavzusidagi mintaqaviy seminar, “Innovatsion gʻoyalar yetakchisi” koʻkrak nishoni sovrindorlarini taqdirlash marosimi, “Future Foresight” seminar-treninglar oʻrin olgan.
Haftalik barcha ishtirokchilar uchun oʻz gʻoyalarini hayotga samarali tatbiq etishda ajoyib maydon vazifasini oʻtaydi.
Gʻ.XONNAZAROV, O.MIRSOATOV (surat), OʻzA