O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Shvetsiyaning favqulodda va muxtor elchisi I.Tersman bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
2019-10-29 | Iqtisodiyot
Joriy yilning 28-oktabr kuni Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida Shvetsiyaning favqulodda va muxtor elchisi I.Tersman bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv chog‘ida 24-25-oktabr kunlari Nukusda bo‘lib o‘tgan “Orolbo‘yi - ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi” nomli yuqori darajadagi xalqaro konferentsiya natijalari muhokama etildi.
Shuningdek, Orolbo‘yi hududining hozirgi holati, jumladan, mavjud ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal etishda Mo‘ynoq shahri va BMT inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p sherikli trast fondining salohiyati tahlil qilindi.
Uchrashuv chog‘ida tomonlar Qoraqalpog‘iston sog‘liqni saqlash tizimini mustahqamlashning ustivor vazifalari haqida bir fikrga keldilar. Shu munosabat bilan hudud aholisi uchun ko‘p tarmoqli shifoxona qurilishi bo‘yicha loyihani amalga oshirishning borishiga to‘xtalib o‘tildi.
Shuningdek, ishbilarmon doiralar vakillarining o‘zaro tashriflarini tashkil etish orqali ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlari, shvetsiyalik biznesmenlarning Toshkentdagi xalqaro investitsiya forumida ishtiroki masalalari ko‘rib chiqildi.