O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Yaponiya bilan investitsiyaviy va savdo-iqtisodiy hamkorlik to‘g‘risidagi shartnomani ishlab chiqishning borishi muhokama qilindi
2019-10-29 | Iqtisodiyot
Joriy yilning 28-oktabr kuni Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida Yaponiya bilan investitsiyaviy va savdo-iqtisodiy hamkorlik to‘g‘risidagi shartnomani ishlab chiqishning borishi muhokama qilindi.
Muhokamada Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi rahbariyati, Yaponiyaning O‘zbekiston Respublikasidagi favqulodda va muxtor elchisi Ye.Fudjiyama, O‘zbekiston Respublikasining Yaponiyadagi favqulodda va muxtor elchisi G‘.Fozilov, vazirliklar va tegishli idoralar, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida investiyalar va tashqi savdo sohasiga mas’ul hududiy bo‘linmalar rahbarlari ishtirok etdi.
Uchrashuv yaponiyalik sheriklar bilan muzokaralarning hozirgi holatini tahlil qilish, mavjud masalalarni aniqlashtirish va hamkorlik uchun o‘zaro manfaatli shartlarni belgilab olish maqsadida ularni hal etish yo‘llarini ishlab chiqish imkonini berdi.
Yaponiyalik kompaniyalar bilan mustahkam va izchil hamkorlik nafaqat kapital qo‘yilmalarning sezilarli hajmini jalb qilish va yangi eksport bozorini o‘zlashtirish, balki O‘zbekistonda sanoat, qishloq xo‘jaligi va ijtimoiy sohalarda ilg‘or yapon texnologiyalarini joriy etish imkonini ham beradi. Mazkur jarayonni jadallashtirish maqsadida tegishli tashkilotlar rahbarlariga hamkorlik shartlarini puxta muhokama qilish uchun Yaponiyaga amaliy tashrif tashkil etish tavsiya etildi.
Uchrashuv chog‘ida Ye.Fudjiyama yaponiyalik sheriklar bilan muloqotda O‘zbekistonning vazirlik va idoralari o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarni muvofiqlashtirish darajasi yuqori ekanligini ta’kidladi hamda tomonlarning kelgusi amaliy hamkorlik uchun o‘zaro aloqalar nuqtasini topishiga ishonch bildirdi. O‘z navbatida elchi janoblari ishlab chiqilayotgan loyihalar bo‘yicha yakuniy kelishuvlarga tezroq erishishda ko‘mak ko‘rsatishga tayyor ekanligini bayon qildi.
Muhokamalar yakuni bo‘yicha vazirlik va idoralarning amaliy tashrif jadvali tuzildi hamda muzokaralar jarayonini ishlab chiqishni tezlashtirish bo‘yicha harakatlar rejasi belgilab olindi.