O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

YPX inspektori qoidabuzarni ko’z bilan ko’rib ham to’xtatishga haqli

2019-10-29 | Jamiyat

Afandi bir kuni qo’shnisining bog’iga o’g’rilikka tushibdi. Uni tutib olgan qo’shnisi:

– O’g’rilik qilgani uyalmaysizmi? – deb so’rabdi.

Shunda Afandi unga:

– O’zingiz-chi, o’zingiz nega xotiningizga ko’ylak olib bermayapsiz? – deb javob qaytaribdi.

Qo’shnisi hayron bo’lib:

– Mening bog’imga o’g’rilikka tushganingizga buning nima aloqasi bor desa, Afandi:

– O’zimni oqlashim uchun men ham nimadir deyishim kerak-ku, – degan ekan.

Shu kunlarda ayrim qoidabuzar haydovchilar ham xuddi Afandiga o’xshab ish tutishyapti. Keyingi paytda blogerlar tomonidan ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirilayotgan ba’zi materiallar bilan tanishsangiz, bunga o’zingiz ishonch hosil qilasiz.

Yo’l-patrul xizmati xodimlarining faoliyati bilan bog’liq aksariyat videomateriallarda inspektor yo’l harakati qoidalarini buzgan haydovchini to’xtatadi. Haydovchi qoidaga rioya etmaganini tan oladi, ammo «Qoidani buzganligimni qayd qiladigan maxsus moslamangiz yo’q-ku. Demak, aybimni isbotlaydigan dalilingiz yo’q», deb YPX inspektori bilan tortisha boshlaydi.

Ko’pincha videomateriallarda haydovchilar yo’ldagi enli sidirg’a chiziqni bosib harakatlanganini ko’rib, uni to’xtatgan inspektordan isbotlab berishini talab qila boshlaydi. Haydovchilar Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 1-dekabrdagi 975-sonli qarori bilan tasdiqlangan «Yo’l-patrul xizmati xodimlarining yo’l harakati qatnashchilari bilan o’zaro munosabatlari hamda maxsus moslamalardan foydalanishi tartibi to’g’risida»gi nizomda belgilangan haydovchi tomonidan yo’l harakati qoidalarining buzilishi vizual kuzatuvda aniqlanganda yoki maxsus moslama yordamida qayd qilinganda, YPX xodimi tomonidan transport vositalari to’xtatilishi mumkinligi haqidagi qoidani o’z foydasiga talqin qilishadi.

Xususan, ular qoidadagi «maxsus moslama yordamida qayd qilinganda» degan jumlaga yopishib olishadi. Bunday vaziyatda Nizomni yaxshi bilmagan ayrim YPX inspektorlari esa dovdirab qolishadi. Vaholanki, mazkur qoidada «vizual kuzatuvda aniqlanganda» degan jumla ham bor.

O’zbek tilining izohli lug’atida «vizual kuzatish» jumlasiga «biron-bir voqea-hodisani oddiy ko’z bilan yoki durbin, teleskop yordamida kuzatish, o’rganish» deya izoh berilgan. Demak, yo’l harakati qoidalarini buzgan transport vositasini ko’zi bilan ko’rgan YPX inspektori haydovchini to’xtatishga qonunan haqli. Qolaversa, Vazirlar Mahkamasining qarorida Nizomning YPX xodimi xizmat vazifalarini mobil videokameradan foydalangan holda oshkora olib borishi; yo’l harakati qatnashchilariga mobil videokameradan foydalanayotganini ma’lum qilishi va kelgusida noqonuniy xatti-harakatlar sodir etsa, aybini isbotlash uchun video yozuvdan foydalanishi mumkinligi haqida ogohlantirishi lozimligi; yo’l harakati qatnashchilari xizmatni mobil videokamerasiz olib borayotgan YPX xodimiga hujjatlarni taqdim etmaslikka haqqi borligi haqidagi qoidalar 2020-yil 1-yanvardan e’tiboran kuchga kirishi ko’rsatib o’tilgan.

Shu o’rinda yana bir fikrni aytib o’tish lozim. Yuqoridagi nizomda ko’rsatilgan talab − transport vositasini boshqarishda belgilangan hujjatlarni (transport vositasini qayd etish guvohnomasi, haydovchilik guvohnomasi, sug’urta polisi, yuk hujjatlari), shaxsini tasdiqlovchi (haydovchi transport vositasini haydovchilik guvohnomasisiz boshqargan hollarda) hujjatlarni YPX xodimlari talab qilganda tekshirish uchun taqdim etishning ham noto’g’ri talqin qilinayotganiga duch kelinmoqda. Ya’ni, tegishli hujjatlarni taqdim etish deganda, qoidabuzar haydovchilar talab qilingan hujjatlarni o’z qo’llarida ushlab turgan holda ochib ko’rsatish tarzida tushunishmoqda. Vaholanki, O’zbek tilining izohli lug’atida ko’rsatilishicha, «taqdim» – bir narsani biror kimsaga berish ma’nosini bildiradi.  

Tag’in bir mulohaza. Ayrim blogerlar tomonidan tarqatilayotgan videomateriallarga turli izohlar qoldiriladi. Lekin «jabrlangan» qoidabuzar haydovchini himoya qilish maqsadida voqea-hodisaning guvohi bo’lmagan kishilar tomonidan yo’l-patrul xizmati inspektorlarining qonuniy xatti-harakatiga berilayotgan baho, ularning fikri nechog’lik xolis bo’larkan? Xalqimizda «Sanamay sakkiz dema» degan maqol bor. Albatta, birovni yomonotliq qilish juda oson. Ammo qoidalarni atayin buzayotgan yoki «qo’lingdan nima keladi» qabilida ish tutayotgan transport vositasi haydovchisi sizu bizning, yaqinlarimizning hayotini xavf ostida qoldirmaydi, deb hech kim kafolat bera olmaydi.

 

IIV Birlashgan tahririyati bosh muharriri o’rinbosari, podpolkovnik Qobuljon Shokirov

Поделиться