O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
PISA va PIRLS xalqaro tadqiqotlariga tayyorgarlik ishlari muhokama qilindi
2019-10-28 | Ta’lim
Yurtimiz 2021-yilda ilk marotaba PISA, PIRLS xalqaro tadqiqotlarida ishtirok etadi. Mazkur jarayonga munosib tayyorgarlik koʻrish maqsadida Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi huzurida Taʼlim sifatini baholash boʻyicha xalqaro tadqiqotlarni amalga oshirish milliy markazi tashkil etilgan boʻlib, markaz tomonidan mamlakatimiz taʼlim sifatiga xalqaro darajada baho beriladigan mazkur sinovlarga munosib tayyorgarlik koʻrish boʻyicha rejali ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan,joriy yilning 25-oktabr kuni markazda yurtimizda PISA, PIRLS xalqaro tadqiqotlarni amalga oshirish borasida olib borilayotgan ishlar muhokamasiga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi. Unda Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi bosh boshqarma boshligʻi A.Radjiyev, Xalq taʼlimi sohasida AKTni rivojlantirish markazi direktori Sh.Qayumov, Taʼlim sifatini baholash boʻyicha xalqaro tadqiqotlarni amalga oshirish milliy markazi direktori A.Ismoilov hamda Xalq taʼlimi vazirligi huzuridagi Respublika taʼlim markazi, A.Avloniy nomidagi xalq taʼlimi tizimi rahbar va mutaxassis xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti vakillari ishtirok etishdi.
Yigʻilishda markaz tomonidan PISA va PIRLS xalqaro tadqiqotlariga tayyorgarlik boʻyicha OECD (Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti) va IEA (Taʼlim yutuqlarini baholash xalqaro assotsiatsiyasi) bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan ishlar va istiqboldagi rejalar haqida maʼlumot berildi. Xalqaro baholash tadqiqotlariga tayyorgarlik koʻrish boʻyicha xorijiy davlatlar ilgʻor tajribalaridan misollar keltirildi.
Muhokama jarayonida ushbu jarayonda mavjud muammolar va amalga oshirilishi lozim ishlar koʻrsatib oʻtildi. Xususan, oʻquvchilarning kompyuter savodxonligini oshirish, maxsus trenajyor dastur yaratish, oʻqituvchilarni malakasini oshirish tizimini takomillashtirish, darsliklarni yaratishda xalqaro baholash dasturlari talablari darajasidagi topshiriqlarni kiritish, tadqiqotlarga tayyorlanishda maktab pedagog jamoasining motivatsiyasini kuchaytirish, ota-onalar bilan ishlash mexanizmini ishlab chiqish, metodik kunlar va tayanch maktablari imkoniyatidan samarali foydalanish, oʻquvchi va oʻqituvchilar uchun oʻquv-metodik materiallar yaratish lozimligi taʼkidlandi.
Yigʻilganlar xalqaro tadqiqotlarga munosib tayyorgarlik koʻrish boʻyicha hamkorlikni yanada kuchaytirishga hamda amalga oshirilayotgan ishlar natijadorligini muhokama qilish uchun tez-tez uchrashib turishga kelishib olishdi.