O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish kontseptsiyasi Xalqaro Press-klubda muhokama qilindi

2019-10-28 | Ta’lim

25-oktabr kuni Toshkentdagi Yoshlar ijod saroyida Xalqaro press-klubning O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish kontseptsiyasi muhokamasiga bag‘ishlangan maxsus sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Dastur “O‘zbekiston24” telekanali tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatildi.

Xalqaro press-klubda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Inomjon Majidov, vazir o‘rinbosari Sarvarxon Buzrukxonov, vazirlik boshqarma va bo‘lim boshliqlari hamda oliy ta’lim muassasalari rektorlari, akademiklar hamda talabalar ishtirok etdi.

Mavzu yuzasidan jamoatchilik fikriga ham quloq tutish hamda ommaga kontseptsiya yuzasidan batafsil ma’lumot taqdim etish maqsadida dasturga jurnalistlar, blogerlar, talabalar va keng jamoatchilik vakillari ham taklif etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish kontseptsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmonida mamlakatimizdagi kamida 10 ta oliy ta’lim muassasasini xalqaro e’tirof etilgan tashkilotlar (Quacquarelli Symonds World University Rankings, Times Higher Education yoki Academic Ranking of World Universities) reytingining birinchi 1000 ta o‘rindagi oliy ta’lim muassasalari ro‘yxatiga, shu jumladan, O‘zbekiston Milliy universiteti va Samarqand davlat universitetini birinchi 500 ta o‘rindagi oliy ta’lim muassasalari ro‘yxatiga kiritish talabi qo‘yilgan. Yaqin kelajakda respublikamizning yana 10 ta oliy ta’lim muassasasi (O‘zMU, TIQXMMI, TDTU, TATU, SamDU, TDAU, UrDU, TTA, Turin politexnika universiteti, QQDU) xalqaro e’tirof etilgan tashkilotlar reytingidan o‘rin oladi.

Bundan buyon O‘zbekistonda ham aholini oliy ta’lim bilan qamrab olish (2019-2020 o‘quv yilida aholini oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasi bitiruvchilar soniga nisbatan 20 foizni tashkil etgan) darajasini oshirish, universitetlarning xalqaro e’tirof etilgan tashkilotlar (Quacquarelli Symonds World University Rankings, Times Higher Education yoki Academic Ranking of World Universities) reytingidan joy olish bo‘yicha talablar qo‘yildi. Endilikda O‘zbekiston milliy universiteti va Samarqand davlat universiteti mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalarining flagmaniga aylanadi.

O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish kontseptsiyasida oliy ta’lim sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish, hududlarda davlat va nodavlat oliy ta’lim muassasalari faoliyatini tashkil etish, sohada sog‘lom raqobat muhitini yaratish nazarda tutilgan. Shuningdek, xalqaro standartlar va milliy an’analar uyg‘unligida yuqori malakali, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega, mustaqil fikrlaydigan, vatanparvar, professional kadrlarni tayyorlovchi yetakchi ta’lim va ilm-fan markazi - Prezident universiteti tashkil etiladi, ta’limga kredit-moduli tizimi joriy qilinadi.

2019-yil aholini oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasi jami bitiruvchilar soniga nisbatan 20 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2030-yilga borib 50 foizdan oshadi. Nodavlat, shu jumladan, davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida oliy ta’lim muassasalari soni 35 taga yetkaziladi. Kredit-modul tizimi joriy etiladigan oliy ta’lim muassasalari soni ham hozirgi 2 tadan 85 taga ko‘payadi.

Oliy ta’lim massasalarida o‘quv jarayonini bosqichma-bosqich kredit-modul tizimiga o‘tkazish oliy ta’limning mobilligini oshiradi, ta’limning keyingi bosqichlarida tahsil olish imkoniyatlarini kengaytiradi hamda xalqaro miqyosda e’tirof etilishiga omil bo‘ladi.

Oliy ta’lim tizimining rivojlanish bosqichlarida “uchinchi avlod” universitetlari (tadbirkorlik ekotizimlari, istiqbolli texnologiyalar bozorlari va milliy iqtisodiyotimiz raqobatbardoshligini xalqaro darajada ta’minlash)ga bo‘lgan talab oshib bormoqda. Shu maqsadda oliy ta’lim muassasalarida ta’lim, fan, innovatsiya va ilmiy-tadqiqotlar natijalarini tijoratlashtirish faoliyatining o‘zaro uzviy bog‘liqligini nazarda tutuvchi “Universitet 3.0” kontseptsiyasini bosqichma-bosqich joriy etish belgilab berildi.

 - Kontseptsiyaning qabul qilinishi bitta masala. Uni amalga oshirish esa eng katta vazifamizdir. Hozir belgilab berilgan ko‘rsatkichlarga erishish oson emas, buning uchun tizimli ishlarni olib borish kerak bo‘ladi, - dedi vazir Inomjon Majidov. - Jamiyat tomonidan, davlat tomonidan oliy ta’limga katta talablar, katta marralar qo‘yildi. Agar oliy ta’lim muassasalari ko‘rsatilgan marralarni, belgilangan ko‘rsatkichlarni egallay olsa, shundagini ta’lim xizmatlari bozorida o‘z o‘rnini topadi va faoliyat yuritadi.

Oliy ta’lim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish kontseptsiyasi talablari o‘z vaqtida bajarilsa, hech shubhasiz ta’lim sifati va universitetlar nufuzi oshadi, O‘zbekistonning xalqaro maydondagi obro‘ e’tibori ham yuksaladi. Eng muhimi, yurt taqdirini, millat kelajagini hal etadigan bilimli, iste’dodli barcha mezonlarda hech kimdan kam bo‘lmagan yangi avlod yuzaga keladi. Albatta, belgilab berilgan ko‘rsatkichlarga erishish oson emas. Buning uchun barchamiz - oliy ta’lim muassasalari xodimlari, keng jamoatchilik birgalikda harakat qilishimiz kerak.

Press-klub sessiyasida talabalar ham savol va takliflari bilan faol ishtirok etishdi.

Поделиться