Oʻzbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasida 25-oktyabr kuni Oʻzbekistonning jahon moliya bozoriga integratsiyalashuvi, bu jarayondagi asosiy tendensiyalar, muammolar va istiqbollari muhokamasiga bagʻishlangan anjuman tashkil etildi.
Maʼlumotlarga koʻra, 2019-yilning 9 oyi davomida mamlakatimizda bank aktivlari hajmi 32,8 foizga, kredit qoʻyilmalari 45 foizga, jalb qilingan jami depozitlar hajmi 34,6 foizga oʻsgan. Xorijiy davlatlar bilan tashqi iqtisodiy aloqalar faollashishi natijasida tovarlar eksporti hajmi joriy yil birinchi yarmida 48,8 foizga oshib, 1,1 milliard AQSH dollaridan ziyod valyuta mablagʻlari iqtisodiyotimizga kirib kelishi taʼminlangan. Shunga mos ravishda mamlakat oltin-valyuta zaxiralari hajmi 1-sentyabr holatiga koʻra 27,9 milliard dollarga yetgan.
Ilmiy-amaliy anjumanda bank-moliya sohasi mutaxassislari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi “OʻzLiDeP” partiyasi fraksiyasi aʼzolari, xalqaro tashkilotlar ekspertlarining taʼkidlashicha, ushbu koʻrsatkichlar Oʻzbekiston tashqi iqtisodiy faoliyati jahon moliya bozoriga globallashuvida ijobiy tendensiyalarga ega boʻlayotganini ifodalaydi.
Shu bilan birga, jahon bozoriga integratsiyalashuv jarayonini faollashtirishda eʼtibor qaratish lozim boʻlgan muhim masalalar bor. Bular Oʻzbekistonda milliy bank, sugʻurta, korporativ boshqaruv tizimlari modellarini isloh etish va takomillashtirish, xususiylashtirish mexanizmlari, qimmatli qogʻozlar bozorini rivojlantirish, tashqi investorlar bilan davlat-sheriklik asosida ishlab chiqarishni rivojlantirish kabi qator ustuvor vazifalarni oʻz ichiga oladi.
Oʻzbekistonning jahon bozoriga integratsiyalashuvida yana bir muhim yoʻnalish borki, bu mamlakatda moliyaviy shaffoflikni taʼminlashdir. BMT Taraqqiyot dasturi va Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi loyihasi muvofiqlashtiruvchisi Viktoriya Anoshkinaning taʼkidlashicha, soʻnggi yillarda mamlakatimizda ayni yoʻnalishda jiddiy islohotlar olib borilmoqda.
– Oʻzbekistonda byudjet qonunchiligi takomillashtirilmoqda, – deydi V.Anoshkina. – Oʻtgan yildan mamlakatda oʻrta muddatli byudjetni rejalashtirishga oʻtildi. Hisob va hisobdorlik tizimlarining xalqaro standartlarga mosligi taʼminlanmoqda. Fiskal maʼlumotlar ochiqlanmoqda, xususan, 2018-yildan fuqarolar uchun byudjet toʻplamini nashr etish yoʻlga qoʻyildi. Shu tariqa Oʻzbekiston hukumati fuqarolarga byudjet mablagʻlarini shakllantirish manbalari va sarflash yoʻnalishlari haqidagi maʼlumotlarni taqdim etuvchi yuzdan ortiq davlatlar qatoriga qoʻshildi.
Anjumanda fiskal shaffoflik yoʻnalishlari, xususan, mamlakatimizda oʻrta muddatli byudjetni rejalashtirishni rivojlantirish boʻyicha tavsiyalar ilgari surildi.
Konferensiya doirasida davlat obligatsiyalarini chiqarish boʻyicha Oʻzbekiston tajribasi, xalqaro reyting va indekslar ahamiyati, yagona bank platformasi, pul-kredit siyosati, moliyaviy xizmatlarni raqamlashtirish istiqbollari kabi mavzularda maʼruzalar tinglandi.
Malohat HUSANOVA, OʻzA