O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Qishloq xoʻjaligida suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishni ragʻbatlantirish mexanizmlarini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
2019-10-28 | Hujjatlar
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Mamlakatimizda suv resurslaridan foydalanish mexanizmlarini tubdan isloh qilish, ulardan oqilona va samarali foydalanishni taʼminlash, iqtisodiyot tarmoqlarida suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishni qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish, shuningdek, sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash boʻyicha izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, shuningdek, davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash mexanizmlari 2019-yilning oʻzida qoʻshimcha 33,2 ming gektarda suv tejovchi sugʻorish texnologiyalari joriy etilishini taʼminlash imkonini berdi, bu esa shu kabi texnologiyalar qoʻllanilayotgan yerlar umumiy maydonining 44 foizini tashkil etdi.
Biroq suv tejovchi sugʻorish texnologiyalari qoʻllanilayotgan umumiy maydon atigi 75 ming gektarni yoki umumiy sugʻoriladigan yer maydonlarining 1,7 foizini tashkil etayotgani qishloq xoʻjaligida suv tejovchi texnologiyalardan foydalanishni kengaytirishga va suv resurslaridan foydalanish samaradorligini taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlarni yanada faollashtirish zaruratini taqozo etmoqda.
Qishloq xoʻjaligida suv tejovchi sugʻorish texnologiyalarini joriy etishni ragʻbatlantirish mexanizmlarini yanada kengaytirish va suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish, shuningdek, qishloq xoʻjaligi yerlari hosildorligi darajasini yaxshilash maqsadida:
1. Quyidagilar:
a) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 17-iyundagi “Qishloq xoʻjaligida yer va suv resurslaridan samarali foydalanish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5742-son Farmoniga muvofiq 2019-2022-yillar davomida 253 381 gektar ekin maydonida suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilishning prognoz koʻrsatkichlari tasdiqlanganligi;
b) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining:
2018-yil 27-dekabrdagi “Paxta xom ashyosini yetishtirishda tomchilatib sugʻorish texnologiyalaridan keng foydalanish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga oid kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-4087-son qaroriga muvofiq paxta xom ashyosi ishlab chiqaruvchilariga tomchilatib sugʻorish texnologiyalarini joriy qilish uchun paxta xom ashyosi ekiladigan maydonning har bir gektari uchun 8 million soʻm miqdorida subsidiyalar taqdim etilayotganligi;
2019-yil 5-fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Uzumchilik va vinochilikni rivojlantirish agentligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi PQ-4161-son qaroriga muvofiq yangi uzum plantatsiyalarini yaratish maqsadida tomchilatib sugʻorish texnologiyalarini joriy qilishga uzum ekiladigan maydonning har bir gektari uchun 8 million soʻm miqdorida subsidiyalar taqdim etilayotganligi;
2019-yil 20-martdagi “Oʻzbekiston Respublikasida bogʻdorchilik va issiqxona xoʻjaligini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4246-son qaroriga muvofiq yangi bogʻlar va issiqxona xoʻjaliklarini yaratish maqsadida suv tejovchi sugʻorish texnologiyalarini joriy qilishga ekin maydonining har bir gektari uchun 6 million soʻmdan oshmagan miqdorda subsidiyalar taqdim etilayotganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari 2020-yilda 43 825 gektarda, shu jumladan:
24 859 gektar – paxta ekin maydonlarida;
11 498 gektar – mevali ekin maydonlarida;
4 987 gektar – uzumzorlarda;
2 481 gektar – boshqa ekin maydonlarida suv tejovchi sugʻorish texnologiyalarini joriy etish boʻyicha tasdiqlangan prognoz koʻrsatkichlarining samarali bajarilishini taʼminlasin.
2. 2020-yil 1-yanvardan suv tejovchi sugʻorish texnologiyalarini joriy etishni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning quyidagi tartibi belgilansin:
qishloq xoʻjaligi ishlab chiqaruvchilariga suv tejovchi sugʻorish texnologiyalarini joriy etish boʻyicha xarajatlarning bir qismini, shuningdek, ularni xarid qilish va qurishga ajratiladigan bank kreditlari boʻyicha foiz xarajatlarining bir qismini qoplash uchun 1-ilovaga muvofiq subsidiyalar taqdim etiladi;
byudjet mablagʻlarini oluvchilar bilan tuziladigan import shartnomalarini majburiy ekspertizadan oʻtkazish va roʻyxatga olish talabi qishloq xoʻjaligi ishlab chiqaruvchilari tomonidan suv tejovchi sugʻorish texnologiyalarini joriy etish boʻyicha ishlar doirasida tuziladigan import shartnomalariga tatbiq etilmaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 2020-yildan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti parametrlarini shakllantirishda tasdiqlangan prognoz koʻrsatkichlariga muvofiq ushbu bandning ikkinchi xatboshisida koʻrsatilgan tadbirlarni moliyalashtirish uchun zarur mablagʻlarni nazarda tutsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 27-dekabrdagi “Paxta xom ashyosini yetishtirishda tomchilatib sugʻorish texnologiyalaridan keng foydalanish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga oid kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-4087-son qaroriga muvofiq tashkil etilgan suvni tejaydigan sugʻorish texnologiyalarini joriy etishga koʻmaklashuvchi ishchi guruhlarga qishloq xoʻjaligi ekinlarini ishlab chiqarishda suv tejovchi sugʻorish texnologiyalarining barcha turlarini joriy etish sohasidagi faoliyatni amalga oshirish boʻyicha qoʻshimcha vazifalar yuklatilsin.
4. Belgilansinki:
a) suv tejovchi sugʻorish texnologiyalari joriy etilishini taʼminlash uchun suv yetkazib berish nasos stansiyalari va nasos agregatlari yordamida, shu jumladan, sugʻorish quduqlari va vertikal drenaj quduqlaridan amalga oshiriladigan ekin maydonlari ustuvor hisoblanadi;
b) 2020-yil 1-yanvardan hosildorligi past boʻlgan yerlarda davlat ehtiyojlari uchun paxta xom ashyosi yetishtiruvchi qishloq xoʻjaligi korxonalarini Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti hisobidan moliyaviy qoʻllab-quvvatlash tartibi bekor qilinadi;
v) 2022-yil 1-yanvardan:
paxta xom ashyosi va boshoqli don yetishtirish uchun nasos agregatlari
va sugʻorish quduqlari isteʼmol qilgan elektr energiyasi qiymatini Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan subsidiyalar hisobiga qoplash tartibi faqat suv tejovchi sugʻorish texnologiyalarini joriy etgan qishloq xoʻjaligi ishlab chiqaruvchilariga tatbiq etiladi;
qishloq xoʻjaligi ishlab chiqaruvchilari tomonidan suv xoʻjaligi tashkilotlarining sugʻorish quduqlari va vertikal drenaj quduqlaridan qishloq xoʻjaligi ekinlarini sugʻorish uchun foydalanishga suv tejovchi sugʻorish texnologiyalarini qoʻllash sharti bilan ruxsat etiladi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 2019-yil 20-noyabrga qadar hududlar va ekin maydonlarini koʻrsatgan holda qishloq xoʻjaligi ekinlari va suv tejovchi sugʻorish tizimlari turlari kesimida 2020-yil uchun suv tejovchi sugʻorish texnologiyalarini joriy etish manzilli dasturi ishlab chiqilishi va tasdiqlanishini taʼminlasin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Suv xoʻjaligi vazirligi va Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda oʻn kun muddatda mazkur qarorga muvofiq qishloq xoʻjaligi ishlab chiqaruvchilarining suv tejovchi sugʻorish texnologiyalarini joriy etish boʻyicha xarajatlarining bir qismini qoplash tartibini ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Suv xoʻjaligi vazirligi, “Oʻzeltexsanoat” uyushmasi va boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda:
suv tejovchi sugʻorish tizimlarining butlovchi buyumlari va ehtiyot qismlarini ishlab chiqarish sohasida sanoat tarmoqlari oʻrtasidagi
oʻzaro kooperatsiyani kengaytirish boʻyicha mavjud imkoniyatlarni oʻrgansin;
suv tejovchi sugʻorish tizimlarining mahalliylashtirilishi lozim boʻlgan butlovchi buyumlari va ehtiyot qismlarining aniq roʻyxatini mavjud xom ashyo resurslarini inobatga olgan holda shakllantirsin;
2020-2022-yillarda suv tejovchi sugʻorish tizimlari hamda ularning butlovchi buyumlarini ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va uning quvvatlarini kengaytirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Oʻzbekiston Respublikasining Isroil Davlati, Xitoy Xalq Respublikasi, Koreya Respublikasi, Turkiya Respublikasidagi elchixonalari va mamlakatning xorijdagi boshqa diplomatik vakolatxonalari bilan birgalikda:
suv tejovchi sugʻorish texnologiyalarini joriy etishni kengaytirishda, shuningdek, mamlakat hududlarida suv tejovchi sugʻorish tizimlari hamda ularning butlovchi buyumlarini ishlab chiqarishni tashkil etish uchun chet el investorlarini jalb qilishda davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlariga koʻmaklashishni;
2020-yil 1-iyunga qadar ushbu band ijrosi doirasida koʻrilayotgan choralar toʻgʻrisida har oy Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritilishini taʼminlasin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi Suv xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda 2021-yil 1-yanvarga qadar suv xoʻjaligi nasos stansiyalarida Elektr energiyasini nazorat qilish va hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimiga mos keluvchi oʻlchov asboblari joriy etilishini taʼminlasin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi:
a) Qishloq xoʻjaligi vazirligi va Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan birgalikda qishloq va suv xoʻjaligi sohasidagi olimlar va ekspertlarni jalb qilgan holda 2019-yilda suv tejovchi sugʻorish texnologiyalarini joriy etish samaradorligi yuzasidan har tomonlama oʻrganish va tahlil oʻtkazsin, ularning natijalari asosida:
2019-yil 15-dekabrga qadar suv tejovchi sugʻorish texnologiyalarini joriy etish natijalari va ushbu yoʻnalishdagi ishlarning samaradorligini yanada oshirish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritsin;
2020-yil 1-fevralga qadar hududlar, sugʻoriladigan dalalar va qishloq xoʻjaligi ekinlari hamda ularning navlari xususiyatlaridan kelib chiqib, suv tejovchi sugʻorish texnologiyalarini joriy etish va qoʻllash boʻyicha uslubiy tavsiyalarni, shuningdek, ulardan foydalanish samaradorligini baholash mezonlarini ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
b) 2020-2030-yillarda suv xoʻjaligini rivojlantirish konsepsiyasi loyihasini ishlab chiqishda quyidagilarni nazarda tutsin:
2021-2025-yillarda suv tejovchi sugʻorish texnologiyalarini joriy qilishning asosiy yoʻnalishlari va ustuvor hududlari, shuningdek, 2030-yilgacha maqsadli moʻljallarni;
suv tejovchi sugʻorish texnologiyalari joriy etilgan maydonlar oʻlchamini inobatga olgan holda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini bosqichma-bosqich oshirish hamda nasos stansiyalarini boshqarishni maqbullashtirishni;
suv tejovchi sugʻorish texnologiyalarini joriy etish tadbirlarini xalqaro moliya institutlari va donor mamlakatlarning grantlari hamda uzoq muddatli imtiyozli kreditlarini jalb qilish hisobidan moliyalashtirish tartibiga oʻtish va xarajatlarining bir qismini Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan qoplash mexanizmlarini joriy etishni;
alohida suv xoʻjaligi obyektlarini ekspluatatsiya qilishni bosqichma-bosqich yirik qishloq xoʻjaligi ishlab chiqaruvchilariga, shu jumladan, qishloq xoʻjaligi klasterlariga berishni;
v) Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi bilan birgalikda 2020-yil 1-yanvarga qadar qishloq xoʻjaligi ishlab chiqaruvchilarini suv tejovchi sugʻorish texnologiyalarini joriy etish, ulardan foydalanish va texnik xizmat koʻrsatish boʻyicha qisqa muddatli sayyor oʻqitish kurslarini oʻtkazishni nazarda tutuvchi reja-grafik va oʻquv dasturini ishlab chiqsin;
g) Qishloq xoʻjaligi vazirligi va Moliya vazirligi bilan birgalikda 2020-yil 1-fevralga qadar mazkur qarorning ijro etilishi holati va natijalari tahlili asosida qishloq xoʻjaligi ekinlarini sugʻorishning suv tejovchi texnologiyalarini joriy etish prognoz koʻrsatkichlarini oshirish, shuningdek, ushbu tadbirlarni moliyalashtirish manbalari toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;
d) Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda 2021-yil 1-iyulga qadar qishloq xoʻjaligi ishlab chiqaruvchilari tomonidan suv xoʻjaligi tashkilotlarining sugʻorish quduqlari va vertikal drenaj quduqlaridan qishloq xoʻjaligi ekinlarini sugʻorish uchun foydalanish tartibini suv tejovchi sugʻorish texnologiyalarini majburiy tartibda qoʻllash boʻyicha talab kiritilishini inobatga olgan holda ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga
2-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
13. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va Oʻzbekiston Milliy axborot agentligiga ommaviy axborot vositalarida mazkur qarorning mazmun-mohiyati va vazifalari, shuningdek, joylarda suv tejovchi sugʻorish texnologiyalarini joriy etish jarayonlari hamda natijalarini keng yoritish tavsiya etilsin.
14. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi R.A.Gulyamov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri, 2019-yil 25-oktabr