O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasi ishbilarmon doiralari uchun viza jarayonlarini soddalashtirish to‘g‘risida
2019-10-28 | Jamiyat
2019-yilning 26-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Xitoy Xalq Respublikasi Hukumati o‘rtasida ishbilarmon doiralari vakillari uchun viza jarayonlarini soddalashtirish to‘g‘risida 2019-yil 27-avgustda Pekin shahrida imzolangan Bitim kuchga kirdi.
Bitimga ko‘ra har bir tomon 5 ish kuni ichida muddati 6 oygacha bo‘lgan ko‘p martalik ishbilarmonlik vizasi berishga majburdirlar.
O‘zbekiston fuqarolari Xitoy Xalq Respublikasining ishbilarmonlik vizasini rasmiylashtirish uchun mazkur mamlakatning Toshkent shahridagi Elchixonasiga quyidagi hujjatlarni taqdim etishlari zarur:
Asosiy hujjatlar:
1. Pasportning asl nusxasi, pasportning ma’lumotlar bor sahifasi nusxasi;
2. Viza rasmiylashtirish uchun anketa va rasm.
Qo‘shimcha hujjatlar:
3. Xitoyning vakolatli tashkilotidan rasmiy taklifnoma yoki Xitoyga taklif qilayotgan tomon yordamida olingan mazkur taklifnomaning tasdig’i (shtrix kod bilan).
3-bandda ko‘rsatilgan hujjatlarni taqdim qilish imkoni bo‘lmaganda, quyidagi hujjatlar taqdim qilinadi:
- davlat hokimiyati tegishli organlari, jumladan O‘zbekiston Respublikasi davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari (www.gov.uz saytida ko‘rsatilgan) va banklarining rasmiy xati hamda Xitoy tomonidan taklif qiluvchining odatiy taklifnomasi;
yoki
- O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasining (SSP) kafolat xati, SSPga a’zolik to‘g‘risidagi guvohnoma, kompaniya yoki yakka tartibdagi tadbirkorning litsenziyasi, arizachining ish joyidan ma’lumotnoma taklif qilayotgan Xitoy kompaniyasining litsenziyasi ilova qilingan odatiy taklifnoma.
Xitoy Xalq Respublikasining Toshkent shahridagi Elchixonasi Konsullik bo‘limiga quyidagi telefon raqami orqali murojaat qilib, batafsil ma’lumot olish mumkin: +99871 2334728.
Ishbilarmon doira vakillari – Xitoy Xalq Respublikasi fuqarolariga ko‘p martalik ishbilarmonlik vizasini rasmiylashtirish uchun taklif qilayotgan tomon O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga quyidagi hujjatlarni taqdim qilishi shart:
Asosiy hujjatlar:
1. Taklif qilayotgan tashkilotning rasmiy blankida chop etilgan o‘rnatilgan tartibdagi viza arizasi (https://mfa.uz/ru/consular/visa/);
2. “evisa.mfa.uz” saytida to‘ldirilgan elektron viza anketasi;
3. Taklif qilinayotgan kishining shaxsni tasdiqlovshi hujjati nusxasi (milliy passport yoki uning o‘rnini bosuvchi, xorijga chiqqan paytda ishlatiladigan hujjat).
Qo‘shimcha hujjatlar:
4. Taklif qilinayotgan shaxsning ish joyidan ma’lumotnoma (davlat tili yoki rus tiliga tarjimasi bilan).
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining Konsullik-huquqiy departamentiga +99871 2362707 yoki +99871 2337340 raqamlari orqali qo‘ng‘iroq qilib, batafsil ma’lumot olish mumkin.
Bitimning to‘liq matni bilan www.lex.uz saytida tanishish mumkin.