O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Nurafshon shahrida “Invest in Tashkent region” xalqaro investitsiya forumi bo‘lib o‘tdi
2019-10-25 | Iqtisodiyot
25-oktabr kuni Nurafshon shahrida “Invest in Tashkent region” xalqaro investitsiya forumi bo‘lib o‘tdi.
Forumda vazirliklar, idoralar va ishlab chiqarish birlashmalari rahbarlari, mahalliy va xorijiy ishbilarmon doira vakillari, xalqaro moliya institutlari hamda chet el diplomatik vakolatxonalari boshliqlari, shuningdek, OAV xodimlari ishtirok etdi.
Forumni Hukumat nomidan Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov ochib berdi. U o‘z so‘zida Toshkent viloyatining iqtisodiy va investitsiyaviy salohiyatiga to‘xtalib, energetika, metallurgiya va tog‘-kon sektori, qurilish materiallari ishlab chiqarish, ipak to‘qimachiligi, charm, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash, farmatsevtika, elektrotexnika mahsulotlarini ishlab chiqarishda katta imkoniyatlarga ega ekanligini ta’kidladi. Shuningdek, O‘zbekiston va boshqa davlatlarning tadbirkorlarini yangi investitsiyaviy loyiha va tashabbuslarni amalga oshirishga qaratilgan faol hamkorlikka chorladi.
“Angren” erkin iqtisodiy zonasi, ikkita “Bo‘stonliq-farm” va “Parkent-farm” maxsus farmatsevtika zonalari, “Chorvoq” erkin sayyohlik zonasi, hamda iqtisodiy zonalarni boshqarishning ilg‘or tajribasini tatbiq etish bo‘yicha Turkiyaning “Gebze” kompaniyasi bilan Zangiota tumanida tashkil etilayotgan alohida sanoat zonalari hudud rivojida muhim rol o‘ynashi ta’kidlandi.
Forum dasturi tematik taqdimotlar, iqtisodiy va moliyaviy ekspertlarning chiqishlari, tadbirkorlar uchun sessiyalar va boshqa tadbirlarni o‘z ichiga olgan.
Forum yakunlari bo‘yicha umumiy qiymati 700 million dollardan kam bo‘lmagan investitsiya kelishuvlarining imzolanishi kutilmoqda.