O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Adliya vazirining BMT bosh kotibining yordamchisi - BMTTD administratorining maxsus maslahatchisi bilan uchrashuvi
2019-10-25 | Siyosat
Joriy yilning 23-oktabr kuni adliya vaziri Ruslanbek Davletov BMT bosh kotibining yordamchisi - BMT Bosh kotibi yordamchisi - BMT Taraqqiyot dasturi ma’muri maxsus maslahatchisi Abdulaye Mar Diye boshchiligidagi BMTTD delegatsiyasi bilan uchrashdi.
Uchrashuvdan ko‘zlangan maqsad kelajakdagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qilishdan iborat.
R. Davletov mehmonlarni qutlar ekan, ularni vazirlik tuzilmasi, asosiy vazifalari va faoliyati bilan tanishtirib, me’yoriy-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash va ko‘rib chiqishga raqamlashtirishni joriy etish, vazirlikda ish yuritish va davlat xizmatlarini taqdim etish sohasidagi so‘nggi ijobiy islohotlar haqida ma’lumot berdi.
Uchrashuv chog‘ida adliya organlarida korruptsiyaga barham berish, mamlakatimizda inson huquqlarini himoya qilish va erkinliklarini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar alohida qayd etildi.
O‘z navbatida Abdulaye Mar Diye R. Davletovga samimiy uchrashuv uchun minnatdorlik izhor qilib, so‘nggi yillarda yurtimizda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida qonun ustuvorligi, inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, elektron hukumatni joriy etish va iqtisodiyotni transformatsiya qilish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni yuksak baholadi.
Uchrashuv so‘ngida xorijiy tomon vazirlik tomonidan korruptsiyaga qarshi kurashish, huquq ustuvorligi va raqamlashtirish yo‘nalishlaridagi tashabbuslarni ro‘yobga chiqarishda ko‘mak berishga tayyor ekanini bildirdi.
Ma’lumot uchun: BMT Bosh kotibi yordamchisi - BMT Taraqqiyot dasturi ma’muri maxsus maslahatchisi Abdula Mar Diye O‘zbekistonga joriy yili 24—25 oktyabr kunlari Nukus shahrida bo‘lib o‘tadigan “Orolbo‘yi - ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi” deb nomlangan yuqori darajadagi xalqaro anjumanda ishtirok etish uchun tashrif buyurgan.