O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashishdagi hamkorlik
2019-10-25 | Jamiyat
O’zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti hamda Respublika “ISTIQBOLLI AVLOD” ijtimoiy-axborot markazi o’rtasida “Odam savdosini oldini olish va unga qarshi kurashish” bo’yicha tuzilgan memorandumga asosan Vazirlik huzuridagi Tergov departamenti qoshida tashkil etilgan o’quv-amaliy mashg’ulotlar xonasida davlat va nodavlat, xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirokida “Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashishda hamkorlik” mavzusida davra suhbati bo’lib o’tdi.
Unda AQShning O’zbekistondagi elchixonasi AQSh davlat departamenti Byurosi Giyohvand moddalarga qarshi kurashish va huquqiy tatbiq etish xalqaro masalalar bo’yicha bo’lim direktori R.Singer, mazkur departamentning katta maslahatchisi J.Kallaxan, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Narkotrafik moddalarni nazorat qilish milliy axborot-tahlil markazi xodimi A.Erkabaev, IIV huzuridagi Tergov departamenti boshlig’ining birinchi o’rinbosari M.Sattarov, vazirlikning yana bir qator sohaviy xizmatlari xodimlari, “INL” dasturlarining vakillari hamda “ISTIQBOLLI AVLOD” ijtimoiy-axborot markazi rahbar xodimlari ishtirok etdi.
Tadbirda asosiy e’tibor, dunyoda global xavflardan biri bo’lgan odam savdosi, noqonuniy migratsiya va zo’ravonlikning boshqa ko’rinishlarining oqibatlariga qarshi kurashish sohasidagi qonun hujjatlari va ularni ijro etish mexanizmini takomillashtirish hamda bu borada xorijiy davlatlar o’rtasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va kelgusidagi rejalar muhokamasiga qaratildi.