“Orolboʻyi – ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi” xalqaro konferensiya ishtirokchilari Qoraqalpogʻiston Respublikasiga keldi.
Nukus xalqaro aeroportida mehmonlar tantanali ravishda kutib olindi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi oʻrinbosari O. Hamrayev mehmonlarni Orolboʻyiga tashrifi bilan qutlab, Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi, Davlatlararo barqaror rivojlanish komissiyasining Oʻzbekistondagi boʻlinmasi hamda xalqaro tashkilotlarning koʻmagi ostida tashkil etilayotgan konferensiya ishida muvaffaqiyatlar tiladi.
Shu kunning oʻzida xalqaro konferensiya ishtirokchilari Moʻynoq tumanida boʻlib, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan keng koʻlamli loyihalar bilan tanishdi.
Konferensiya doirasida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesida Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasining barqaror rivojlanish boʻyicha davlatlararo komissiyasi majlisi boʻlib oʻtdi.
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi raisi B. Kuchkarov, Davlatlararo barqaror rivojlanish komissiyasi raisi, Turkmaniston qishloq xoʻjaligi va atrof-muhit vaziri M. Bayramdurdiyev, Qozogʻiston Respublikasi ekologiya, geologiya va tabiiy resurslar vazirligi oʻrmon xoʻjaligi va hayvonotlar olami qoʻmitasi raisi oʻrinbosari M. Aynabekov, Tojikiston Respublikasi Hukumati huzuridagi atrof muhit qoʻmitasi raisi oʻrinbosari S. Abdurahmonzoda, BMTning Yevropa iqtisodiyoti komissiyasi Ijroiya kotibiyati Ofisidagi direktori Kire Ilioski va boshqalar Markaziy Osiyo mintaqasida ekologik holatni barqarorlashtirish, Orol fojiasini bartaraf etish, aholi turmush sharoitini yuksaltirish borasida hamkorlikda amalga oshirilayotgan ishlarga toʻxtaldi.
Davlatlararo barqaror rivojlanish komissiya raisi, Turkmaniston qishloq xoʻjaligi va atrof-muhit vaziri M. Bayramdurdiyev Turkmaniston rahbarlik qilgan 2015-2019-yillar mobaynida amalga oshirilgan ishlar bilan yaqindan tanishtirdi.
Taʼkidlanganidek, mazkur komissiyaga Markaziy Osiyo davlatlarining atrof-muhitni muhofaza qilish va barqaror rivojlanish sohasida muvofiqlashtirish, shuningdek, mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash yuklatilgan.
1992-yilda Nukus shahrida Orol fojiasiga bagʻishlab oʻtkazilgan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasini taʼsis etish tashabbusi ilgari surilgan edi. Mazkur jamgʻarma 1993-yili Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Turkmaniston rahbarlari tashabbusi bilan Orol dengizi havzasida ekologik inqiroz oqibatlariga barham berish va ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni yaxshilash maqsadida tuzildi. Joriy yilda Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi Davlatlararo barqaror rivojlanish komissiyasi tashkil etilganiga 25 yil toʻldi.
Bugungi kunda Orol fojiasi Markaziy Osiyo davlatlari ekologik, ijtimoiy-iqtisodiy va gumanitar muammosiga aylanmoqda. Ushbu muammolarni bartaraf etishda Davlatlararo barqaror rivojlanish komissiya faoliyati yuksak baholanadi.
2018-yil 24-avgust kuni Turkmanboshi shahrida boʻlib oʻtgan Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi taʼsischi davlatlar rahbarlari kengashining majlisida jamgʻarma faoliyatini takomillashtirish, mintaqadagi ekologik vaziyatni yaxshilash, suv resurslarini muvofiqlashtirgan holda boshqarish, bu borada Markaziy Osiyo mamlakatlarining hamkorligini mustahkamlash masalalari muhokama etildi. Davlatimiz rahbari ushbu majlisda soʻzlagan nutqida Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi faoliyatini takomillashtirish, hududga innovatsion yechimlar joriy etish va xorijiy investitsiyalar jalb qilish, “yashil iqtisodiyot” ni rivojlantirish, ilmiy-amaliy tadqiqotlar olib borish va boshqa masalalar boʻyicha muhim takliflarni ilgari surdi.
Majlisda Barqaror rivojlanish uchun atrof-muhit boʻyicha Mintaqaviy dasturi loyihasi, Davlatlararo barqaror rivojlanish komissiyasining Maslahat kengashini tashkil etish masalalari koʻrib chiqildi. Shuningdek, Davlatlararo barqaror rivojlanish komissiyasiga raislik qilish vakolati Turkmanistondan Oʻzbekiston Respublikasiga uzatildi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Yevropa iqtisodiyoti komissiyasi hamda Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi Davlatlararo barqaror rivojlanish komissiya oʻrtasida oʻzaro anglashuv memorandumini imzolash marosimi boʻldi.
Ishtirokchilar I.Saviskiy nomidagi Qoraqalpogʻiston Respublikasi sanʼat muzeyida hamda shaharning diqqatga sazovor joylarida boʻldi.
Xalqaro konferensiya ertaga oʻz ishini davom ettiradi.
Dovud ABIBULLAYEV, Maqsad HABIBULLAYEV (surat), OʻzA