O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasining Tokiodagi uchrashuvlari
2019-10-25 | Siyosat
O‘zbekiston delegatsiyasi Yaponiyaga tashrifi doirasida mazkur mamlakatning Iqtisodiy taraqqiyot davlat vaziri, Yaponiya parlamentining O‘zbekiston bilan do‘stlik ligasi bosh kotibi Yasutoshi Nishimura bilan uchrashdi.
Muloqot chog‘ida Ya.Nishimura Yaponiyaning yangi Imperatori taxtga o‘tirishi marosimida O‘zbekistonning yuqori darajadagi ishtiroki uchun minnatdorlik bildirdi. O‘zbekiston Yaponiya uchun strategik muhim sherik ekani va Tokio turli yo‘nalishlarda hamkorlikni yanada kengaytirishdan manfaatdorligi ta’kidlandi.
Yaponiya tomoni kunchiqar mamlakatga amalga oshiriladigan yuqori darajadagi tashrifga jiddiy tayyorgarlik ko‘rayotgani, bu muhim voqeaning muvaffaqiyatli o‘tishi hamda O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirishga kuchli turtki berishi qayd etildi.
Tomonlar Yaponiya parlamenti yosh a’zolarining O‘zbekistonga yaqinda amalga oshirgan tashrifini yuqori baholadilar, qonunchilik organlari vakillari o‘rtasida o‘zaro tashriflarni davom ettirishdan manfaatdorligini bildirdilar.