Xitoy–Tojikiston–O‘zbekiston xalqaro avtomobil koridorini ochish yuzasidan hamkorlik kuchaytirilmoqda
Poytaxtimizda O‘zbekiston – Xitoy hukumatlararo hamkorlik qo‘mitasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston transport vazirligi va Xitoy Xalq Respublikasi transport vazirligi vakillari o‘rtasida transport sohasidagi hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Muhokamalarda, xususan, O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida 2017 yilda imzolangan xalqaro avtomobil transporti to‘g‘risidagi hukumatlararo bitim bajarilishini yanada rag‘batlantirish, avtomobilda yuk tashuvlari rentabelligini oshirish borasida “Toshkent-Andijon-O‘sh-Qashg‘ar” avtomobil koridori imkoniyatlaridan to‘liq foydalanish masalasi atroflicha o‘rganildi.
Ushbu avtomobil koridori ikki tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga ijobiy ta’sir etayotgani qayd etildi.
Shuningdek, “Irkeshtom” va “Xorgos” (XXR) chegara bojxona postlarining hafta davomida dam olish kunlarisiz faoliyat ko‘rsatishini tashkil etish, paritet asosida yuk avtomobillari haydovchilariga ko‘p marotabali vizalar berish, Xitoy–Tojikiston–O‘zbekiston xalqaro avtomobil koridorini ochish yuzasidan hamkorlikdagi ishlarni yanada kuchaytirish kabi masalalarga ham e’tibor qaratildi.
Qayd etish joizki, so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida havo transporti sohasidagi hamkorlik aloqalari ham rivojlanib bormoqda. Hozirda mazkur yo‘nalishda ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish va aviakompaniyalar parvozlari geografiyasini oshirish maqsadida muzokaralar o‘tkazilmoqda. Xususan, Xitoyning “Zhejiang Loong Airlines” aviakompaniyasi Sian shahridan Toshkentga charter reyslarni amalga oshirishni boshlagani buning yorqin dalilidir.
Yig‘ilishda fuqaro aviatsiyasi sohasida hamkorlik natijalarini yanada kuchaytirish maqsadida tomonlar 2020 yilda ikki mamlakat aviatsiya ma’murlari o‘rtasida maslahatlashuvlar o‘tkazish, shuningdek, temir yo‘l sohasida konteyner tashuvlarini rivojlantirish, o‘zaro foydali koridorlarni yaratish, tariflarning shakllantirilishi bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.