O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston TIV delegatsiyasining Chexiyadagi uchrashuvlari to‘g‘risida
2019-10-24 | Siyosat
2019-yilning 23-oktabr kuni Praga shahrida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi delegatsiyasining O‘zbekiston-Chexiya siyosiy maslahatlashuvlarining navbatdagi raundida ishtiroki doirasida Chexiya Respublikasi Prezidenti maslahatchisi – davlat rahbari Administratsiyasining tashqi siyosiy masalalar bo‘yicha departamenti direktori Rudolf Yindrak bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Muzokaralar chog‘ida ikki tomonlama munosabatlarni yanada rivojlantirish, xususan siyosiy muloqotni, jumladan oliy darajada, mustahkamlash istiqbollari hamda ayrim mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Chexiya tomoni O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlar jarayoniga va respublikaning zamonaviy tashqi siyosat yo‘nalishiga yuqori baho berdi hamda mamlakatimiz bilan ko‘p qirrali samarali va o‘zaro manfaatli aloqalarni chuqushlashtirishga qiziqish bildirdi.
Delegatsiya Sanoat va savdo vazirligida ham uchrashuvlar o‘tkazdi. Mazkur uchrashuvlarda ikki davlat o‘rtasida savdo-iqtisodiy va investitsion hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. 23-sentabr kuni Praga shahrida bo‘lib o‘tgan Savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnik hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Chexiya Hukumatlararo komissiyasining 8-yig‘ilishi yakunlariga, ushbu tadbir davomida erishilgan kelishuvlar, aniq qo‘shma loyiha va dasturlarini amalga oshirish masalalariga alohida urg‘u berildi.
Ikki tomonlama savdoni kengaytirish va investitsion-texnologik hamkorlikni ilgari surish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlarni amalga oshirishdan ikki tomon ham manfaatdor ekanligi qayd etildi.