O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Bratislavada O‘zbekiston-Slovakiya vazirliklararo siyosiy maslahatlashuvlari bo‘lib o‘tdi
2019-10-24 | Siyosat
2019-yilning 21-22-oktabr kunlari Bratislava shahrida O‘zbekiston-Slovakiya vazirliklararo siyosiy maslahatlashuvlarining to‘rtinchi raundi bo‘lib o‘tdi.
Tomonlarning delegatsiyalariga O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Dilshod Axatov va Slovakiya Respublikasi TIV davlat kotibi Lukash Parizek rahbarlik qildi.
Uchrashuvda siyosiy muloqot, savdo-iqtisodiy va sanoat kooperatsiyasi, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda hamkorlikning hozirgi holati va ularni chuqurlashtirish istiqbollari batafsil muhokama qilindi, o‘zaro manfaat kasb etadigan mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston va Slovakiya turli yo‘nalishlarda samarali va ikki tomon uchun ham foydali hamkorlikni izchil rivojlantirishdan birdek manfaatdor.
Savdo-iqtisodiy va investitsion hamkorlikni kengaytirish uchun aniq choralar qo‘llash to‘g‘risida kelishuvga erishildi. Shu nuqtayi nazardan ikki tomonlama Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha Idoralararo komissiyasining birinchi majlisini tez orada o‘tkazish dolzarb masala hisoblanadi.
Muzokaralarda ikki tomonlama munosabatlarning shartnomaviy-huquqiy bazasini kengaytirish masalalari alohida ko‘rib chiqildi.
Bratislava shahrida bo‘lish doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi O‘zbekistonning Slovakiyadagi faxriy konsuli, “Sitno” holding prezidenti Lyudovit Chernak va “Medirex Group” Slovakiya kompaniyasi boshqaruvi raisi Radoslav Bardun bilan ham uchrashuvlar o‘tkazdi.