O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish va raqamli ekspertiza bo’yicha mintaqaviy seminar o’z ishini boshladi
2019-10-24 | Xavfsizlik sohasi
Kun sayin axborot-texnologiyalari jadal rivojlanib, yangi bosqichga ko’tarilmoqda. Xususan, mamlakatimizda ham axborot-kommunikatsiya texnologiyalari keng joriy etilmoqda. Buning natijasida respublikamizda tashkilotlar va muassasalarning veb-saytlari va avtomatlashtirilgan ma’lumotlar bazalarini yaratish tobora rivojlanib bormoqda. Bu albatta barcha sohalar uchun ijobiy ta’sirini ko’rsatish bilan birga, huquqni muhofaza qiluvchi organ vakillari oldiga yangi ko’rinishdagi jinoyatlarga qarshi kurashish masalalarini ham qo’ymoqda. O’z o’rnida huquqni muhofaza qiluvchi organ vakillari, xususan ichki ishlar organlari xodimlari jahon talablariga mos ravishda yangi bilim va tajribalarni o’zlashtirmoqda.
Jumladan, kecha poytaxtimizda O’zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tashabbusi hamda Xalqaro Interpol jinoyat politsiyasi tashkiloti Bosh kotibiyati hamkorligida Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish va raqamli ekspertiza bo’yicha mintaqaviy seminar o’z ishini boshladi.
Ushbu tashkil etilgan mintaqaviy seminarda Respublikamizning Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Bosh prokuratura, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Qozog’iston, Qirg’iziston va Tojikiston Respublikalarining huquqni muhofaza qiluvchi organlari xodimlari, Interpol Bosh kotibiyati vakillari va ekspertlari ishtirok etmoqda.
Tadbirda asosiy maqsad, kiberjinoyatchilikka qarshi kurashishni kuchaytirish va raqamli ekspertizalar o’tkazish bo’yicha tajriba almashishda Interpol va ushbu yo’nalishda mintaqaviy sheriklar bilan amaliy hamkorlik hamda o’zaro mustahkam aloqalar o’rnatishdir.
Chunki mazkur tadbir, xalqaro va idoralararo huquqni muhofaza qiluvchi organlar o’rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash uchun muhim qadam hisoblanib, raqamli ekspertizalarni o’tkazish, kiberjinoyatlar kabi tahdidlarning oldini olish va ularga qarshi kurashishda professional tajriba almashishga yordam beradi. Ishonamizki, mazkur seminar respublikamizning huquqni muhofaza qiluvchi organlari va Interpol o’rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga ham xizmat qiladi. Seminar o’z ishini davom ettirmoqda.