O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Oʻzbekiston – YI: hamkorlik doirasi kengaymoqda

2019-10-24 | Iqtisodiyot

Toshkentda Rivojlanish maqsadidagi hamkorlik boʻyicha “Oʻzbekiston – Yevropa Itttifoqi” kichik qoʻmitasining ikkinchi majlisi boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Yevropa Ittifoqining mamlakatimizdagi delegatsiyasi, Yevropa komissiyasining Markaziy Osiyo, Yaqin Sharq va Janubiy Osiyo boʻyicha boʻlimi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda qator vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.
 
Majlisda sektoral islohotlar va joriy loyihalarning bugungi ahvoli muhokama qilindi. Yevropa Ittifoqi bilan agrar sohadagi hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan, xususan, Qishloq xoʻjaligi, Suv xoʻjaligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirliklari, shuningdek, Agrosanoat majmuasi va oziq-ovqat taʼminoti sohasidagi loyihalarni amalga oshirish agentligi masʼul mutaxassislari ishtirokidagi bir qator loyihalar, taqdimotlar namoyish qilindi.
 
Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi hamda Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi mutaxassislarining atrof-muhit muhofazasi boʻyicha maʼruzalari tinglandi.
 
YI bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan Erazmus+ mintaqaviy dasturi va Markaziy Osiyo taʼlim platformasi loyihalarining joriy holatiga bagʻishlangan muzokaralarda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi vakillari ishtirok etdi.
 
Oʻzbekiston YIning Narkotik moddalar bilan va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash boʻyicha harakatlar rejasi hamda Demokratiya va inson huquqlari boʻyicha Yevropa instrumenti kabi loyihalarida faol ishtirok etmoqda. Ayni yoʻnalishlardagi hamkorlik mamlakatimizda Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qoʻshinlari va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Giyohvand moddalar nazorati boʻyicha Milliy axborot-tahlil markazi faoliyatini yanada takomillashtirishga qaratilgan.
 
YI bilan hamkorlik jarayonida mamlakatimizda davlat xizmatlari koʻrsatish tizimini takomillashtirish muhim oʻrin tutadi. Majlis davomida YI delegatsiyasi aʼzolariga Oʻzbekistonda aholiga davlat xizmatlari koʻrsatish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar, sohadagi oʻzgarishlar xususida maʼlumot berildi. Hududlarda barpo etilayotgan barcha qulayliklarga ega Davlat xizmatlari markazlari faoliyatiga bagʻishlangan taqdimot namoyish etildi.
 
Majlis yakunida Oʻzbekiston va Yevropa Ittifoqi oʻrtasida 2014-2020-yillarga moʻljallangan hamkorlik boʻyicha indikativ dastur doirasidagi loyihalarning amalga oshirilishi bilan bogʻliq hisobotlar tinglandi. 2021-2027-yillarga bagʻishlangan indikativ dastur ishlab chiqish masalasi koʻrib chiqildi.
 

Gʻ.XONNAZAROV, OʻzA

Поделиться