Poytaxtimizdagi “Oʻzekspomarkaz” markaziy koʻrgazmalar majmuida “Made in Uzbekistan” nomli milliy mahsulotlar xalqaro koʻrgazmasi oʻz ishini boshladi.
Koʻrgazma ochilishida soʻz olganlar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar barcha iqtisodiy tarmoqlar ravnaqida muhim ahamiyat kasb etib, mahalliy va xorijlik hamkorlar bilan oʻzaro aloqalarini mustahkamlashga keng yoʻl ochib berayotganini taʼkidladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, “Oʻzekspomarkaz” markaziy koʻrgazmalar majmui va boshqa qator tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan ushbu tadbirdan koʻzlangan asosiy maqsad mahalliy korxonalarning eksportga moʻljallangan mahsulotlarini namoyish etish, mamlakatning eksport salohiyatini oshirish va xorijlik sheriklar bilan barqaror va uzoq muddatli hamkorlikni yoʻlga qoʻyishga qaratilgan.
Koʻrgazma pavilyonlarida togʻ-kon sanoati, neft-gaz, kimyo va farmatsevtika, avtomobilsozlik va mashinasozlik, elektrotexnika sanoati, qurilish industriyasi, toʻqimachilik va charm-poyabzal tarmogʻi, agrar va oziq-ovqat sanoati, moliya muassasalari xizmatlari, xalq amaliy sanʼati va sayyohlik sohalari oʻz imkoniyatini namoyish etmoqda.
– Bugungi koʻrgazmada uyushmamizga qarashli 20 dan ortiq korxona oʻzining tayyor mahsulotlari bilan qatnashmoqda, – dedi “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi boshqarma boshligʻi Otabek Saidxonov. – Biz avvallari yarim tayyor charm mahsulotlarini eksport qilgan boʻlsak, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar tufayli 2018-yilda 150 million dollarlik tayyor charm mahsulotlarini eksport qildik. Joriy yildagi reja esa 200 million dollarga yaqin mahsulotlarni eksport qilishdir. Yana bir eʼtiborli jihati, oʻtgan yillarda faqat MDH mamlakatlariga mahsulotlarimizni sotganmiz. Endi uyushma korxonalarining eksport geografiyasiga Chexiya, Angliya, Polsha, Bolgariya davlatlari ham qoʻshildi.
Aytish joizki, ushbu koʻrgazmada mamlakatimizning barcha hududiy korxonalari va viloyat birlashmalari faol ishtirok etmoqda.
– Korxonamiz elektr energiyani tejaydigan led lampalar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan, – dedi Toshkent viloyati Qibray tumanidagi “Miss Lighting” korxonasi direktori oʻrinbosari Shohrux Gʻafforov. – Uning ishlab chiqarish quvvati oyiga 1 million 200 donani tashkil etadi. Korxonamizning ochilganiga bir oy boʻldi. Shu vaqtga qadar qurilish ishlari amalga oshirilib, ushbu loyihaning amaliyotga tatbiq etilishi natijasida 120 ish oʻrni yaratilishi koʻzda tutilgan. Hozir 20 turdagi led lampalar ishlab chiqarilayotgan boʻlsa, kelgusi yilda ularning sonini 70 taga yetkazmoqchimiz. Korxonamiz faoliyatini boshlashi va bugungi koʻrgazmada ishtirok etishida bizga “Oʻzeltexsanoat” uyushmasi yaqindan koʻmak berdi. Ayni chogʻda mahsulotlarimiz ichki bozorga chiqarilmoqda.
Koʻrgazma doirasida anjumanlar, milliy iqtisodiyot tarmoqlarining eksport salohiyati taqdimoti, tayyor toʻqimachilik mahsulotlari modasi namoyishi boʻlib oʻtadi. Yakunda “Eng yaxshi innovatsion stend”, “Eng koʻp tashrif buyuruvchi stend” kabi nominatsiyalar boʻyicha gʻoliblarni taqdirlash marosimi oʻtkaziladi.
Koʻrgazmaning ochilishida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri maslahatchisi – “Oʻzagrotexsanoatxolding” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Nodir Otajonov soʻzga chiqdi.
Кўргазманинг очилишида Ўзбекистон Республикаси Бош вазири маслаҳатчиси – “Ўзагротехсаноатхолдинг” акциядорлик жамияти бошқаруви раиси Нодир Отажонов сўзга чиқди.
Nasiba ZIYODULLAYEVA, Oqil GʻULOMOV, Temur MAMADAMINOV (surat), OʻzA