Toshkentda Oziqlanish boʻyicha Oʻzbekistonda oʻtkazilgan Milliy tadqiqot natijalari hamda BMT Bolalar jamgʻarmasi – UNICEFning “Jahon bolalarining ahvoli – 2019: bolalar, ozuqa va oziqlantirish” nomli hisobotlari taqdimotlari oʻtkazildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi va UNICEFning Toshkentdagi vakolatxonasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Oliy Majlis Senati, tegishli vazirlik va idoralar masʼul xodimlari, mamlakatimizda faoliyat koʻrsatayotgan qator xalqaro tashkilotlar, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ishtirok etdi.
Bugungi kunda UNICEF dunyo miqyosida koʻp sonli bolalar yomon oziqlanayotgani, talabga javob bermaydigan oziq-ovqat tizimi oqibatlaridan aziyat chekayotgani toʻgʻrisida ogohlantirmoqda. “Jahon bolalarining ahvoli – 2019: bolalar, ozuqa va oziqlantirish” global hisoboti xulosalariga koʻra, bugungi kunda yer yuzida 5 yoshgacha boʻlgan har uchinchi bola yetarli oziqlanmaydi yoki ortiqcha vaznga ega. 6 oylikdan 2 yoshgacha boʻlgan bolalarning qariyb uchdan ikki qismi tez oʻsayotgan tana va miya faoliyatini taʼminlaydigan oziq-ovqat mahsulotlarini isteʼmol qilmaydi. Shu sababli miyaning yetarli rivojlanmasligi, oʻqish qobiliyati sustligi, immunitet pastligi va infeksiyalar koʻpayishi oʻlim holatlarining ortishiga olib kelmoqda. Mutaxassislarning qayd etishicha, qashshoqlik, urbanizatsiya, iqlim oʻzgarishi va oziq-ovqat mahsulotlarini notoʻgʻri tanlash nosogʻlom oziqlanishga olib keluvchi asosiy omillardir.
Hisobotda aytilishicha, belgilangan standartlarga mos kelmaydigan oziqlantirish bola hayotining dastlabki kunlaridan boshlanadi. Koʻkrak suti bilan emizish goʻdakning sogʻlom oʻsishini taʼminlashda juda muhim. Shunga qaramasdan ayni payt dunyoda olti oygacha boʻlgan bolalarning atigi 42 foizi faqat koʻkrak suti bilan oziqlantirilmoqda, sut aralashmalari bilan boqilayotgan goʻdaklar soni esa tobora ortmoqda.
Bolalar olti oyligidan boshlab yumshoq yoki qattiq ovqatlarga oʻta boshlaydi va bunda koʻpincha ularning ratsioni talabga javob bermaydi. Dunyo boʻyicha olti oylikdan ikki yoshgacha boʻlgan bolalarning 45 foizga yaqini meva-sabzavotlar, deyarli 60 foizi tuxum, sut, baliq va goʻsht mahsulotlarini umuman isteʼmol qilmaydi.
Notoʻgʻri oziqlanish bilan bogʻliq inqirozning oldini olish maqsadida UNICEF bolalarning sogʻlom oʻsishiga yordam berish uchun zarur choralar koʻrishni soʻrab hukumatlar, xususiy sektor vakillari, donorlar, ota-onalar, tadbirkorlik subyektlariga murojaat qilmoqda. Ushbu murojaatda zararli oziq-ovqat mahsulotlari savdosi ustidan kuchaytirilgan nazorat oʻrnatish, bolalar va oʻsmirlar uchun sogʻlom oziq-ovqat muhiti yaratish, bu borada ayni maqsadlarni qoʻllab-quvvatlovchi tizimlar – sogʻliqni saqlash, suv va sanitariya, taʼlim va ijtimoiy himoya tizimlarining hamkorlikda faoliyat olib borishini taʼminlash, harakatlarni boshqarish va taraqqiyotni qayd qilish uchun sifatli maʼlumotlarni toʻplash, tahlil qilish va ulardan foydalanish kabi koʻrsatmalar aks etgan.
YUNICEF va Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi hamkorligida taqdim etilgan Oziqlantirish boʻyicha Oʻzbekiston milliy tadqiqoti doirasida ayollar va besh yoshgacha boʻlgan bolalarning oziqlanishi boʻyicha oʻtkazilgan soʻrovda mamlakatimizning barcha mintaqalaridagi 3874 xonadon ishtirok etdi. Hisobotda soʻnggi yillarda erishilgan natijalar, shuningdek, eʼtibor qaratilishi lozim boʻlgan masalalar boʻyicha batafsil maʼlumotlar keltirildi.
Oʻzbekistonda bolalarning normal oʻsishdan orqada qolish darajasi ijobiy tomonga oʻzgarmoqda. Hozirgi vaqtda bu koʻrsatkich 8,7 foizga teng va jamiyat uchun katta xavf tugʻdirmaydi. Bolalarning vazn yoʻqotish darajasi 1,9 foizni, kam vaznli bolalar esa 2,6 foizni tashkil etadi.
Goʻdaklarni koʻkrak suti bilan oziqlantirishni erta boshlash 91 foizga koʻtarilgan. Olti oylikkacha boʻlgan bolalarni faqat koʻkrak suti bilan oziqlantirish darajasi esa 50 foizni tashkil etadi. Oʻn boladan toʻqqiz nafari bir yoshgacha, 40 foizga yaqini ikki yoshga toʻlguncha koʻkrak suti bilan oziqlantirilgan.
Tadqiqotdan yosh bolalarning xilma-xil ozuqa olishlari, 6-23 oylik bolalarning rivojlanishini taʼminlash, ortiqcha vazn muammosi, ozuqa mikroelementlari tanqisligi, kamqonlik, organizmda temir moddasi yetishmovchiligi bilan bogʻliq maʼlumotlar ham oʻrin olgan.
Soʻrovda qatnashganlarning 90 foizdan koʻpi yodlangan tuz isteʼmol qilishini bildirgan. Biroq tuz namunalarining tahlili ularning atigi 40 foizida yetarli darajada yod mavjud ekanini koʻrsatdi.
Taqdimot yakunida keyingi bir necha yil ichida Oʻzbekiston bolalarning toʻgʻri oziqlanishi koʻrsatkichlari boʻyicha ijobiy natijalarga erishgani qayd etildi. Bu borada amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar samaradorligini yanada oshirish boʻyicha tavsiyalar berildi.
Gʻayrat XONNAZAROV, OʻzA