O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
YI Maxsus vakili bilan uchrashuv
2019-10-23 | Siyosat
2019-yilning 23-oktabr kun O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov 24-25-oktabr kunlari Nukus shahrida bo‘lib o‘tadigan “Orolbo‘yi – ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi” xalqaro konferensiyasida ishtirok etish uchun Mamlakatimizga kelgan Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Piter Burianni qabul qildi.
Suhbatda qayd etilganidek, so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi munosabatlar sifat jihatidan yangi darajaga ko‘tarildi va tomonlar hamkorlikni kengaytirish ustida ishlashga tayyor.
Ta’kidlanganidek, O‘zbekistonda iqtisodiyotni liberallashtirish bo‘yicha olib borilayotgan islohotlar Yevropa biznes vakillarini mamlakatimizda yanada kengroq faoliyat yuritishi uchun qulay imkoniyatlar ochmoqda.
Bu va boshqa dolzarb masalalar O‘zbekiston nufuzli delegatsiyasining 11-13-noyabr kuni Brussel shahriga tashrifi va “O‘zbekiston - YI” hamkorlik Kengashining navbatdagi yig‘ilishi mobaynida muhokama qilinishi rejalashtirilmoqda.
Uchrashuvda BMT shafeligida Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘psheriklik trast fondini tashkil qilish yuzasidan O‘zbekistonning tashabbusi yevropalik sheriklar tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgani uchun minnatdorchilik bildirildi.
Xalqaro va mintaqaviy masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.
Shu kuni Maxsus vakil Piter Burian O‘zbekiston Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha Maxsus vakili Ismatulla Irgashev bilan ham uchrashdi.
Afg‘oniston yo‘nalishi bo‘yicha, jumladan iqtisodiy va ta’limga doir qo‘shma loyihalarni amalga oshirishdagi hamkorlik istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Muzokaralarda Yevropa Ittifoqi Delegatsiyasi Rahbari, Elchi Eduards Stiprays ishtirok etdi.