O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Toshkent davlat texnika universitetiga quyosh panellari o‘rnatildi
2019-10-23 | Texnologiyalar
Poytaxtimizda uch kun davom etadigan “Made in Uzbekistan” Xalqaro ko‘rgazmasi boshlandi.
Ko‘rgazma doirasida Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti hududiga 10 kv/soat quvvatiga ega 40 ta quyosh paneli o‘rnatib berildi.
Homiylik ko‘magi berishga bel bog‘lagan, “O‘zeltexsanoat” uyushmasi tarkibiga kiruvchi “CHINT Electric” O‘zbek-Xitoy qo‘shma korxonasi ko‘magida universitetining Energetika fakulteti talabalari va o‘qituvchilari uchun “Elektr uskunalarini tekshirish va nazorat qilishni innovatsion boshqarish o‘quv-laboratoriya xonasi” ham to‘liq jihozlab berildi. Sifat jihatidan yaxshilash, sohani innovatsion rivojlantirish borasidagi bu qadamlar yoshlarga manzur bo‘lmoqda.
“Texnologiyalarni hayotga tatbiq etish va yoshlarni malakasini oshirishda bunday laboratoriya juda muhim“ deydi universitet vakili Anvar Gelmanov.
“Hozirda elektr va elektromontaj sohasidagi kadrlarga talab oshib bormoqda. Inson yetuk va o‘z kasbini bilimdoni bo‘lishi uchun nafaqat nazariya bilimlarni balki amaliy ko‘nikmalarni ham rivojlantirib borishi kerak. Ayni vaqtda eng ilg‘or texnologiyalarning keltirib, o‘rnatib berilishi, pishiq- puxta, mutaxassislarni ko‘payishini ta’minlaydi.
Demak, talabalar ilmiy-tadqiqot ishlari va ixtirolarini sinovdan o‘tkazish, elektr uskunalarini nazorat qilish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Bu esa elektrotexnika sanoati sohasida kadrlar tayyorlash tizimini sifat jihatidan yaxshilanishiga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Qayd etish joizki, mamlakatimizda energiya tejovchi texnologiyalar va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish, mavjud resurslar va ishga solinmagan salohiyatni jalb etish orqali energiya samaradorligini oshirish borasida bir qator tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 22 avgustdagi “Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning energiya samaradorligini oshirish, energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishning tezkor chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ham bu borada muhim ahamiyat kasb etmoqda.