O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Amerikaning yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan qator uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi
2019-10-23 | Iqtisodiyot
Joriy yilning 21-oktabr kuni Vashingtonga tashrifi doirasida Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Amerikaning Visa, CNH Industrial, John Deere kabi va boshqa yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan qator uchrashuvlar o‘tkazdi. Unda investitsiyaviy hamda savdo-iqtisodiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va kengaytirish imkoniyatlari muhokama etildi.
Visa kompaniyasining vitse-prezidenti S.Galindo bilan birgalikda O‘zbekistonda mazkur to‘lov tizimining ishtirok etish istiqbollari ko‘rib chiqildi. Bu milliy bank-moliya tizimimizning jahon iqtisodiy makoniga hamohang integratsiyasi hamda mamlakatda onlayn hisob-kitoblar infrtuzilmasini mustahkamlash imkonini beradi. Bu borada mazkur tashabbusni ilgari surish hamda o‘zaro manfaat va foyda nuqtasini topish maqsadida hamkorlikning ehtimoliy shakllari o‘rganib chiqildi.
O‘zbekistonda qator qo‘shma korxonalari mavjud bo‘lgan hamda qishloq xo‘jaligi, fuqarolik, harbiy va ixtisoslashtirilgan texnikalarning yirik ishlab chiqaruvchisi - CNH Industrial kompaniyasi rahbari bilan uchinchi davlatlarga eksportni yo‘lga qo‘yish va bozorning yangi segmentlarini qamrab olgan holda ishlab chiqarishda mahalliylashtirishni kengaytirish istiqbollari muhokama etildi.
John Deere kompaniyasi vitse-prezidenti bilan ham samarali muloqot kechdi. Unda tomonlar kompaniyaning Toshkent Irrgatsiya instituti qoshida qishloq xo‘jaligi sohasida mahalliy mutaxassislarning bilim darajasini tizimli oshirish imkonini beruvchi o‘quv markazi ochilganini mamnuniyat bilan ta’kidladilar.
Shuningdek, istiqbolli moliyaviy mexanizmlar va qishloq xo‘jaligi texnikalarini ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma korxona tashkil etish to‘g‘risidagi masala ham ko‘rib chiqildi. Bu o‘zbek fermerlariga yuqori sifatli qishloq xo‘jaligi texnikalarini xarid qilishni yengillashtirishga yordam beradi.
Har bir uchrashuv yakuni bo‘yicha hamkorlikni yanada rivojlantirish va masalalarni hal etish uchun tomonlarning aniq yo‘nalishlari belgilab olindi.