O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi delegatsiyasi Birlashgan Arab Amirliklarida bo‘ldi
2019-10-23 | Jamiyat
Joriy yilning 19-21-oktabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi o‘rinbosari Erkin Muxitdinov boshchiligidagi delegatsiya Birlashgan Arab Amirliklarida bo‘ldi.
Birinchi kun
Tashrifning dastlabki kuni, 19-oktabrda O‘zbekiston delegatsiyasi BAA Inson resurslari va amirlashtirish vazirligi vakillari, shuningdek, O‘zbekistonning BAAdagi elchisi B.Ibragimov hamda bosh konsuli A.Salomov bilan ishchi uchrashuvini o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston delegatsiyasining tashrifi doirasida amalga oshiriladigan ishlar muhokama etilib, tashkiliy masalalar ko‘rib chiqildi.
Ikkinchi kun
O‘zbekiston delegatsiyasi 20-oktabrni mehnat resurslari sohasida O‘zbekiston va BAA hukumatlari o‘rtasida 2019 yilning 25 martida imzolangan Hamkorlik hujjatini amalga oshirish bo‘yicha Dubay shahrida tashkil etilgan II Umum yig‘ilishda qatnashish bilan boshladi.
Muzokaralar yakunida tomonlar xo‘jalik ishchilari, tijoriy yo‘lovchi transport (taksi) haydovchilari, mehmonxona xodimlarini ishga joylashtirish singari uch yo‘nalish bo‘yicha yirik loyihalarni amalga oshirishni boshlashga kelishdi.
Delegatsiyaning navbatdagi tashrifi Inson resurslari vazirligining uy xo‘jaliklari ishchilarini qabul qilish, yollash va vizaviy qo‘llab-quvvatlash xizmatlarini taqdim etuvchi TAD-BEER va TWA-FOUQ loyihalari bilan tanishish bo‘ldi.
Kunning ikkinchi yarmi Abu Dabi shahrida BAA - O‘zbekiston II mehnat forumi, shuningdek, O‘zbekiston xususiy bandlik agentliklari hamda BAA ish beruvchilari va rekruting agentliklarining seminar-treningi tashkil etildi.
Mazkur tadbirlarda BAA Inson resurslari va amirlashtirish vaziri Nasser bin Tani Al Xamli, vazirlik mas’ullari, O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi o‘rinbosari Erkin Muxitdinov boshchiligidagi delegatsiya, O‘zbekistondagi xususiy bandlik agentligi va BAA ish beruvchilari va rekruting agentliklari vakillari ishtirok etdi.
Tadbir yakunlari bo‘yicha tomonlar mehnat resurslari sohasida o‘zaro hamkorlikni mustahkamlovchi qator loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirdi.