O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida ishchi yig‘ilish bo‘lib o‘tdi
2019-10-22 | Iqtisodiyot
Joriy yilning 20-oktabr kuni Investitsiyalar va tashqi savdo vazirining o‘rinbosarlari, vazirlik boshqarmalari boshliqlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vaziri, Toshkent shahri va viloyatlar hokimlarining o‘rinbosarlari ishtirokida videokonferentsiya shaklida yig‘ilish o‘tkazildi.
Yig‘ilish chog‘ida salohiyatli amerikalik buyurtmachilar bilan birgalikda milliy ishlab chiqaruvchilar mahsulotlarining AQSh bozoriga eksportini tashkil etish, shuningdek, O‘zbekistondan tovar keltirish uchun qulay sharoitlarni yaratish, yangi istiqbolli bozorlarga chiqishda tarif va notarif to‘siqlarni bekor qilish bilan bog‘liq masalalarni tayyorlash bo‘yicha aniq takliflarni ishlab chiqish yuzasidan topshiriqlar berildi.
Eksportning prognoz ko‘rsatkichlari bajarilishini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar natijadorligi, xalqaro moliya institutlari mablag‘lari, investitsiyalarni jalb qilish va o‘zlashtirish, joriy yilning 10 oyi davomida hududiy investitsiya loyihalarini amalga oshirish, shuningdek, yil yakuniga qadar ularni ta’minlash bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, 2020-2022-yillarga mo‘ljallangan Investitsiya dasturini ishlab chiqishning hozirgi holati va hududiy investitsiya dasturlari loyihalarining taqdimoti to‘g‘risidagi axborotlar tinglandi.
(Respublika komissiyasi ishi yakunlari bo‘yicha) Hudud va tarmoqlarning eksport salohiyatini kengaytirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ni tayyorlash va kelishish, Respublika komissiyasining protokol topshiriqlarini bajarish, shuningdek, 3-bosqichda hududlarga tashrif buyurish doirasida Komissiya oldida turgan vazifalar, Qo‘qon va Marg‘ilon shaharlarini 2020-2022-yillarda kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha hukumat qarori loyihasini tasdiqlashga kiritish va kelishish jarayonining borishi, Innovatsiya va investitsiyalar markazida Toshkent viloyatining Pskent tumanini o‘zgartirish bo‘yicha chora-tadbirlar Rejasi bilan bog‘liq masalalar alohida ko‘rib chiqildi.
Xalqaro hamkorlikni jadallashtirish bo‘yicha qabul qilinayotgan chora-tadbirlar, Xitoy, Koreya, BAA, Germaniya, Ozarbayjon, Yaponiya va boshqa davlatlardagi sheriklar bilan kelishuvlarni amalga oshirish masalalari batafsil ko‘rib chiqildi.
2019-yilning 23-25-oktabr kunlari «Made in Uzbekistan» milliy mahsulotlar xalqaro ko‘rgazmasiga yuqori darajada tayyorgarlik, «Invest in Tashkent region» xalqaro investitsiya forumini o‘tkazish bilan bog‘liq tashkiliy masalalarga alohida e’tibor qaratildi hamda joriy yilning 19-20-oktabr kunlari bo‘lib o‘tgan «Oren Andijan» birinchi xalqaro investitsiya forumining amaliy natijalari to‘g‘risidagi hisobot tinglandi.
Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha mas’ul rahbarlar va xodimlarga tegishli topshiriq va ko‘rsatmalar berildi.